2019-yilning oxirida Xitoyda tarqalgan yangi turdagi virus sabab halok bo‘lganlar soni 170 kishiga yetdi. Xitoydagi bir necha shaharlar epidemiya sabab yopildi, mamlakatdan tashqarida ham koronavirusga chalinganlar aniqlandi, deb xabar beradi “RBK”.

Foto: Bloomberg

Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, jami 6065 kishi koronavirus bilan kasallangan (ularning 5997 nafari Xitoyda). Xitoy sog‘liqni saqlash milliy komissiyasi esa virusga chalinganlar sonini 7711 nafar deb bergan, boshqa mamlakatlarda ham virusni yuqtirib olganlar soni qo‘shib hisoblaganda 7894 kishini tashkil etmoqda.

Milliy komissiyaning ta’kidlashicha, qariyb 82 ming odam tekshirilmoqda, ularning 170 nafari tuzalishga muvaffaq bo‘lgan. Virus oqibatida vafot etganlar soni ham xuddi shunchani tashkil etmoqda.

Rossiyada 2019-nCoV koronavirusi bilan kasallanganlar qayd etilmagan. Rossiya hukumati raisi Mixail Mishustin Uzoq Sharqdagi Xitoy bilan chegaralarni yopish bo‘yicha buyruq bergan. Avvalroq bosh vazir o‘rinbosari Tatyana Golikova ham ko‘riladigan chora-tadbirlar haqida ma’lum qilgandi. Mamlakatda Xitoy fuqarolari uchun viza rasmiylashtirish to‘xtatilgan.

Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusga chalingan kattalarni “Ribavirin”, “Interferon beta Ib” va “Lopinavir/Ritonavir” dorilari bilan davolashni tavsiya qilgan.

Xitoyning barcha provinsiyalarida koronavirusni yuqtirib olish holatlari qayd etilgan, virusdan ozod so‘nggi hudud Tibet edi. Kasallik alomatlari Finlyandiyada ham qayd etilgan.

Foto: “RBK”

AQSh Federal rezerv tizimi rahbari Jerom Pauellning fikricha, koronavirusning tarqalishi nafaqat Xitoy, balki butun dunyo iqtisodiyotiga ta’sir ko‘rsatadi. Xitoydagi vaziyatning yomonlashuvi kompaniyalarning yopilishi bilan ham bog‘liq, biroq koronavirus oqibatlari haqida hali gapirishga erta.

Kasallik o‘chog‘i hisoblangan Xubey provinsiyasi hukumati davolanishni istamagan, shifokorlar ishiga xalaqit bergan va virusni qasddan tarqatgan fuqarolar jinoiy javobgarlikka tortilishini ma’lum qildi.

Bosh vazir Abdulla Aripov 28-yanvar, seshanba kuni, koronavirus bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazgan edi. Jizzaxda ham koronavirus tarqalgani haqida gap-so‘zlar tarqalgan, keyinroq esa bu shunchaki mish-mish ekanligi ma’lum qilingandi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi o‘zbekistonliklardan mish-mish tarqatmaslikni so‘rab, koronavirusdan himoyalanish bo‘yicha tavsiyalar berib, Uxandan O‘zbekistonga qaytgan talabalarga zudlikda SSV bilan bog‘lanishni so‘radi. Xitoydan qaytib kelgan bir guruh o‘zbekistonlik talabalar aeroportning o‘zida har tomonlama takomillashtirilgan tibbiy tekshiruvdan o‘tkazildi. Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusning O‘zbekistonga kirib kelgani haqidagi gap-so‘zlarni inkor etgan.