Koson tuman xalq ta’limi bo‘limi rahbari Soib Davidov tuman xalq ta’limi bo‘limining rasmiy sayti bor yoki yo‘qligini bilmadi. Viloyat hokimi matbuot kotibi esa xalq ta’limi mas’ullari ishini tanqid qildi, deya xabar beradi “Daryo” muxbiri.
AOKA viloyat boshqarmasi mas’ullari, viloyat hokimligi, xalq ta’limi boshqarmasi va jurnalistlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida maktabdagi bo‘sh ish o‘rinlari haqida aniq ma’lumotlar berilmasligi aytildi.
Matbuot anjumanida so‘z olgan “Daryo” muxbiri esa bo‘lim ish faoliyati va bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumot beruvchi tuman xalq ta’limi bo‘limining rasmiy sayti bor yoki yo‘qligi bilan qiziqdi. Bo‘lim mudiri Soib Davidov “bo‘limning rasmiy sayti bor”, dedi. Ammo sayt manzilini bilmadi.
Viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari Ahror Sodiqov esa xalq ta’limi rahbarlarining matbuot anjumaniga tayyorgarligini tanqid qilib, OAV xodimlari tomonidan berilayotgan savollarga javob berishda aniqlik yo‘qligini ta’kidladi.
— Aniq savolga aniq javob yo‘q, — dedi Ahror Sodiqov. — Faqat gapni aylantirish bilan cheklanyapsizlar.
Zoir Mirzayevning matbuot kotibiga ko‘ra, qog‘ozda tayyorlangan ma’lumotlarni Koson tuman xalq ta’limi bo‘limi rahbari Soib Davidovning o‘zi ham bilmaydi.
Eslatib o‘tamiz, 28-yanvar, seshanba kuni viloyat mas’ullari bilan bo‘lib o‘tgan apparat yig‘ilishida Zoir Mirzayev ham Koson xalq ta’limi faoliyatini tanqid qilgan.
Izoh (0)