Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidagi Ziyokor mahallasida uch nafar aka-uka va ularning onasi is gazidan zaharlandi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi “Daryo”ga ma’lum qildi.
Fojia oqibatida bolalar vafot etgan, ona – reanimatsiya bo‘limida qolmoqda.
Qayd etilishicha, ko‘ngilsiz hodisa 25-yanvar kuni tong soat 05:10 lar atrofida ro‘y bergan.
“Vafot etgan bolalar 8, 12 va 14 yoshlarda, ularning hammasi o‘g‘il bolalar bo‘lgan. Bolalarning onasi, 37 yoshli S.A. hozir reanimatsiya bo‘limida, shifokorlar uning hayoti uchun kurashmoqda”, – deyiladi SSV xabarida.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda yanvar oyining o‘zida is gazidan zaharlanish oqibatida 11 kishi halok bo‘ldi. Jumladan, 5-yanvar kuni Farg‘onada ikki yoshli go‘dak va uning uch yoshli opasi is gazidan zaharlanib vafot etdi. 6-yanvar kuni Toshkentda is gazidan zaharlanish oqibatida 32 yoshli ayol va uning 2 yoshli farzandi hayotdan ko‘z yumdi.
9-yanvar kuni Jizzax viloyati G‘allaorol tumanida 9-yanvar kuni is gazidan zaharlanish oqibatida 4 kishidan iborat oilaning barcha a’zosi vafot etdi.
Izoh (0)