Navoiylik ayollar bankdan kredit oladi va kredit mablag‘larini qaytarish vaqti kelganda pulni qaytarmaydi. Garovga qo‘yilgan Malibu avtomashinasini ham yashiradi. Bu haqda “Daryo”ga MIB viloyat boshqarmasiga tayanib jurnalist Feruza Qodirova ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, “Qishloqqurilishbank” Navoiy mintaqaviy filialidan kredit olgan ayollar — S.S. va N.B. o‘z vaqtida to‘lanishi lozim bo‘lgan 235 million 627 ming so‘m qarzdorlikni to‘lamaydi, qarz evaziga garovga qo‘yilgan Malibu avtomobilini yashirishga urinadi.
— MIB xodimlari Malibu rusumli avtotransport vositasini xatlash va savdoga chiqarish maqsadida qarzdorlarning belgilangan manziliga boradi. Biroq qarzdorlar tomonidan avtotransport vositasi yashiriladi. Davlat ijrochisi qarori bilan garovga olingan avtotransport vositasiga nisbatan qidiruv e’lon qilinib, Navoiy viloyat IIB YHXB hamda tuman bo‘limiga qidiruv ishlarini olib borish bo‘yicha bildirgi beriladi, - deyiladi MIB viloyat boshqarmasi bergan ma’lumotda.
Inspektor R.Xudoyberdiyev tomonidan olib borilgan qidiruv harakatlari davomida qarzdorlarga tegishli Malibu avtomashinasi Qiziltepa tumanidagi “Rabot” mahallasida yashovchi fuqaro uyidan topilgan.
MIB Navoiy viloyat boshqarmasi matbuot xizmatining qo‘shimcha qilishicha, topilgan avtomashina jarima maydonchasiga keltirilgan va hozirgi kunda E-Ijro Auksion yagona elektron savdosiga chiqarish ishlari olib borilmoqda.
Izoh (0)