Fransiya Afrika va Yaqin Sharqda amalga oshirgan harbiy amaliyotlari davomida bir qator xalqaro terrorchi guruhlar tomonidan bir necha bor hujumlarga duchor bo‘lgan. So‘nggi yillarda bu narsa Fransiya ichiga ham kirib keldi. Mana shunday harakatning avji 2015-yilga to‘g‘ri keladi. Shu yilning yanvar oyi Fransiya uchun qorong‘u boshlandi. 7-yanvar kuni aka-uka Kuashilar Charlie Hebdo haftalik satirik jurnali binosiga hujum qilishi oqibatida 12 kishi halok bo‘ldi. “Daryo” kolumnisti Jahongir Ostonov hujumga besh yil bo‘lishi munosabati bilan o‘sha kungi va uning atrofidagi voqealar, Charlie Hebdo jurnali va jurnal tarixidagi mojaroli voqealar haqida so‘z yuritadi.
2015-yil 7-yanvar kuni Charlie Hebdo’ning asosiy karikaturachisi – Sharb taxallusli Stefan Sharbonnye o‘zining oxirgi karikaturasini e’lon qildi. Unda quyidagicha jumlalar yozilgan edi: “Fransiyada hamon portlash bo‘lmadi”. Ortidan esa musulmoncha kiyimdagi, Kalashnikov avtomatini taqib olgan terrorchi og‘zidan quyidagi so‘zlar keltirilgandi: “Kutib turing, tilak bildirishga yanvar oyi oxirigacha ulguramiz”.
Biroz vaqt o‘tib, soat 11:00 atrofida qurollangan ikki shaxs – aka-uka Sharif va Said Kuashilar jurnal joylashgan binoga bostirib kirib, u yerdagi ishchilarni, jumladan, Sharb doxil jami 12 kishini otib o‘ldirdi. Oradan 48 soat o‘tgach, o‘tkazilgan amaliyot chog‘ida Kuashilar politsiya tomonidan otib o‘ldirildi. Bu Parijda yanvar oyida yuz bergan teraktlarning birinchisi edi. Oradan bir kun o‘tib, 8-yanvar kuni Amedi Kulibali Parij janubidagi Montruj shahrida bir politsiyachi ayolni o‘ldirdi. 9-yanvar kuni esa Parij yaqinidagi “Hyper Cacher” oziq-ovqat supermarketiga hujum qildi va to‘rt fuqaroni o‘ldiradi. Shu kunning o‘zida u ham politsiya tomonidan yo‘q qilindi.
Charlie Hebdo voqeasidan keyin nafaqat Fransiya, balki butun dunyo so‘z erkinligi himoyasiga qalqdi. Ijtimoiy tarmoqlar, televideniye, gazeta-jurnallar Je suis Charlie – “Men Sharliman” yozuviga to‘lib ketdi. Parijda 11-yanvar kuni 50 mamlakat rahbari ishtirokida marsh bo‘lib o‘tdi.
Jurnalda chiqqan karikatura musulmonlarga nisbatan haqoratomuz xarakterga ega bo‘lgani uchun ham dunyo musulmonlari jurnalning bu ishidan g‘azabga mindi. Ko‘pchilik ulamolar, musulmon davlatlari rahbarlari hujumni qoralagan bo‘lsa-da, diniy e’tiqodni masxara qilgani tufayli jurnal ham qattiq tanqid qilindi.
Shu o‘rinda Charlie Hebdo haqida ikki og‘iz so‘z. Charlie Hebdo haftalik satirik jurnal bo‘lib, unga 1970-yilda Fransua Kavanna va professor Shoronlar asos solgan. Jurnal faoliyati taqiqlangan Hara Kiri satirik jurnali o‘rniga tashkil etilgan. Nashrning faoliyati illyustratsiyalarga, xususan, siyosiy karikaturalarga asoslangan. Nashr, shuningdek, xorijda turli yo‘nalishlarda jurnalistik surishtiruvlar olib boradi va turli mavzularda, jumladan, sektalar, dinlar, radikal o‘nglar, islom dini, siyosat va madaniyatga aloqador maqolalar chop etib boradi. Nashr haftaning chorshanba kunlari chop qilinadi. Maxsus sonlarni boshqa kunda ham chop etishi mumkin. Masalan, 2015-yil 7-yanvar voqealariga besh yil to‘lishi munosabati bilan maxsus soni shu oyning 7-yanvar kuni nashrdan chiqdi.
Charlie Hebdo faoliyati davomida karikaturalari sababidan bir necha bor mojaroli vaziyatlar markaziga aylangan. Siyosat olamida qattiq tanqid ostiga olingan nashrning diniy motivlarga, dinni tanqid qilishga urg‘u berishining asosiy sababi uning yo‘nalishi dahriylikka va antiklerikalizmga asoslanganidir. Shu sababli bir necha bor turli diniy tashkilotlar bilan sudlashishiga to‘g‘ri kelgan.
2006-yilda Charlie Hebdo Daniyaning Jyllands-Posten jurnalida chiqqan, payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) masxara qilingan 12 karikaturani bosib chiqargani sababli muhokamalarga sabab bo‘ldi. Fransiya Islomiy tashkilotlar uyushmasi va Dunyo musulmonlar ligasi sudga murojaat etdi. Ammo da’vo birinchi instansiyada ham, apellatsiyada ham rad etildi.
2011-yilda nashr Tunisdagi islomiy partiya bo‘lmish Uyg‘onish harakatining saylovdagi g‘alabasini tanqid qilgan maxsus sonini Shariat Hebdo nomi ostida chop etdi. Shundan so‘ng nashrning mintaqaviy byurosiga Molotov kokteyli yordamida o‘t qo‘yildi; mintaqaviy ofis qattiq qo‘riqlanadigan bo‘ldi.
2013-yilning yanvar oyida jurnal ikki qismdan iborat maxsus sonini chop qildi. Unda Sharbning “Muhammadning hayoti” nomli komikslari e’lon qilindi. Shu yili Arabiston yarim orolidagi “al-Qoida” tashkiloti o‘zining Inspire deb nomlangan online elektron jurnalida “islomga qarshi jinoyat qilgan” to‘qqiz nafar g‘arblik shaxs ro‘yxatini tuzdi. Ularning tirik yoki o‘ligini topish shartligi e’lon qilindi. Ro‘yxatdagi to‘qqiz kishidan biri 2015-yil 7-yanvar kungi hujumda o‘ldirilgan Stefan Sharbonnye, ya’ni Sharb edi.
Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.
Izoh (0)