Mudofaa vazirligiga qarashli “Forish” tog‘ dala-o‘quv maydonida Markaziy harbiy okrug tasarrufidagi harbiy qism harbiy xizmatchilari murakkab va harakatlanish qiyin bo‘lgan tog‘li hududlarda jangovar vazifani bajarish bo‘yicha mashg‘ulot o‘tkazdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti “Daryo”ga ma’lum qildi.
Xabar berilishicha, o‘tkazilgan taktik o‘quv mashg‘ulotida harbiy xizmatchilar tog‘li hududlarda harakatlanish, tog‘ tayyorgarligi anjomlaridan samarali foydalanish, tik va yassi balandliklarga arqon yordamida va arqonsiz chiqish va tushish, soy va daryolar, daralar ustidan o‘tish hamda yaradorlarni evakuatsiya qilish bo‘yicha qo‘yilgan vazifalarni bajardi.
Shuningdek, qulay va ko‘zga tashlanmaydigan pozitsiyalarni egallash, maydon kuzatuvini tashkil etish, hujumga o‘tish, otish pozitsiyalarini o‘zgartirish, yangi so‘qmoqlarni tashkil etish kabi mashqlar bajarilgan.
O‘tkazilgan ushbu mashg‘ulotlar harbiy xizmatchilarning o‘ta murakkab vaziyatlarda aniq va tezkor harakatlanishga, noqulay sharoitlarda yashovchanlik ko‘nikmalari hamda jangovar shaylikni saqlash borasidagi bilimlarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Izoh (0)