Fuqarolarning saylov huquqlari buzilishi bilan bog‘liq murojaatlarni tezkor ko‘rib chiqish va ularni qonuniy hal qilish maqsadida bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova boshchiligida shtab tashkil etilgan. Hududlarda ham shaxsan viloyat prokurorlari rahbarligida shtablar tuzilgan. Bu haqda O‘zbekiston bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.
“Toshkent vaqti bilan 14:00 gacha saylovchilar va nomzodlardan jami 65 ta shikoyat kelib tushdi. Viloyatlar kesimida eng ko‘p — 24 ta murojaat Surxondaryo viloyatiga to‘g‘ri kelmoqda. Murojaatlarning 21 tasi fuqarolar, 9 tasi saylovda qatnashayotgan nomzodlar, 35 tasi esa Markaziy saylov komissiyasiga tegishli.
12 ta murojaatda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, 53 tasida esa xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga o‘tkazilayotgan saylovlarga bog‘liq masalalar yoritilgan. Shikoyatlarning 56 foizida siyosiy partiyalar tomonidan muayyan shaxslarning nomzod sifatida ko‘rsatilmaganligi, buning oqibatida ular saylovda qatanasha olmaganligi qayd etilgan.
Qonunchilikka ko‘ra, deputatlikka nomzodlarni ilgari surish partiyalarning mutlaq vakolati hisoblanadi. Prokuratura organlarining siyosiy jarayonga aralashishi mumkin emas. Bunday holatda qonun talabiga asosan, fuqaro siyosiy partiyaga murojaat qilishi yoki uning qarori ustidan bevosita sudga shikoyat berishi mumkin”, — dedi Nig‘matilla Yo‘ldoshev.
Izoh (0)