Qo‘qonda qalbaki kupyuralarni sotish bilan shug‘ullangan shaxs qo‘lga olinib, jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

DXXning Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi Qo‘qon shahar bo‘limi xodimlari tomonidan iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish doirasida olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida 2003-yilda tug‘ilgan mahalliy fuqaro qalbaki pullarni muomalaga kiritish bilan shug‘ullanayotgani aniqlangan.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qo‘qon shahar boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, mazkur shaxs 50 mln so‘m miqdoridagi qalbaki pullarni “shartli xaridor”ga haqiqiy 8 mln so‘m evaziga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, uning yashash xonadoni ham xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi. Natijada 50, 100 va 200 ming so‘mlik jami 315,5 mln so‘m miqdoridagi qalbaki kupyuralar hamda 100 AQSH dollarlik jami 120 ming dollar miqdoridagi qalbaki kupyuralar borligi aniqlangan va tegishli tartibda olib qo‘yilgan.
Hozirda qalbaki “pulfurush”ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ushbu qalbaki pul mablag‘larini unga yetkazib bergan fuqarolarning shaxsiga aniqlik kiritish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
1-iyulda Namanganda qalbaki valyuta sotuvchi uch kishi qo‘lga olingandi. Ularga ham jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olingandi.
Jinoyat kodeksining 176-moddasiga ko‘ra, qalbaki pul yasash, ularni o‘tkazish 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Bunday harakatlar ko‘p miqdorda, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa, 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Izoh (0)