2020-yilning 3—4-yanvar kunlari “Umid” jamg‘armasi bitiruvchilarining birinchi xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tadi. Forum “Yangilanayotgan O‘zbekistonga — kadrlar yangi avlodi” mavzusida o‘tkaziladi. Bu haqda “Daryo”ga O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi qoshidagi “El-yurt umidi” jamg‘armasi ma’lum qildi.
Xabar berilishicha, ushbu konferensiya turli avlodlarning “umidchilar”ini O‘zbekiston taraqqiyoti yo‘lida birlashtirishga qaratilgan birinchi tadbir bo‘lishi kutilmoqda. Tadbir Umid Reunion 2.020 nomi ostida bo‘lib o‘tadi.
Konferensiyaning vazifalaridan biri “Umid” jamg‘armasi bitiruvchilari o‘rtasida doimiy aloqa uchun platforma yaratish va ularni O‘zbekistonda davlat boshqaruvi va iqtisodiy modernizatsiya sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bilan tanishtirishdan iborat.
Umid Reunion 2.020 ning “Yangilanayotgan O‘zbekistonga — kadrlar yangi avlodi” mavzusidagi yalpi yig‘ilishi 3-yanvar kuni Toshkentda bo‘lib o‘tadi, 4-yanvar kuni konferensiya Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi tog‘-sog‘lomlashtirish maskanida davom etadi.
Ushbu tadbirning ishtirokchilari sifatida “Umid” jamg‘armasining 300 dan ortiq stipendiati, shuningdek, xorijda istiqomat qiluvchi 120 ga yaqin sobiq “umidchi” qatnashishi kutilmoqda.
Qayd etilishicha, 2018-yilning sentabr oyida tashkil etilgan “El-yurt umidi” jamg‘armasi 1997—2003-yillarda 828 nafar iqtidorli yoshning xorijda ta’lim olishini moliyalashtirgan “Umid” jamg‘armasi vorisi hisoblanadi. O‘sha yillarning stipendiatlari orasida amaldagi yuqori darajadagi rahbarlar, jumladan, hukumat a’zolari, mamlakatning diplomatik vakolatxonalari, vazirliklar va idoralarning boshqarma boshliqlari va boshqalar bor.
Ma’lum qilinishicha, “El-yurt umidi” jamg‘armasi 2018-yilda 381 nafar mutaxassisni xorijga o‘qishga yuborgan, 2019-yilda bu raqam 600 nafarga yetishi kutilmoqda.
Izoh (0)