O‘zbekiston futbol klublari 2021-yildan OFK miqyosidagi musobaqalarda yana bitta qo‘shimcha kvotaga ega bo‘lishi mumkin.
Qatarda faoliyat yuritayotgan Alisher Nikimbayevning xabar qilishicha, yaqin orada OFK musobaqalar qo‘mitasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Buning natijasida O‘zbekistonga OFK Kubogi musobaqasida bitta o‘rin ajratilishi mumkin.
“Esingizda bo‘lsa, OFK ijroiya qo‘mitasining oktabr oyidagi yig‘ilishida Osiyo Chempionlar Ligasidagi ishtirokchilar soni 2021-yildan boshlab 32 tadan 40 taga yetkazilishi ma’lum bo‘lgandi. O‘z navbatida reytingning dastlabki olti o‘rinidagi mamlakatlarga qo‘shimcha kvota ajratilmasligi belgilangandi. O‘zbekiston 2016—2019-yillar yakuniga ko‘ra, reytingni 6-o‘rinda yakunlagan va Chempionlar Ligasi guruh bosqichiga bitta va pley-off bosqichiga bitta yo‘llanmaga ega bo‘lgandi.
Biroq besh kundan so‘ng OFK musobaqalar qo‘mitasi yuqorida ta’kidlangan olti mamlakatga bittadan kvota berishni muhokama qiladi. Ammo bu kvota Chempionlar Ligasiga emas, balki, OFK Kubogiga yo‘llanma beradi.
Shu bilan birga reytingda 7—10 o‘rindagi jamoalarga bittadan Chempionlar Ligasi guruh bosqichiga yo‘llanma taqdim etiladi. G‘arb mintaqasida bu qatorga Turkmaniston va Tojikiston ham kiradi. 2021-yil Markaziy Osiyo uchun tarixiy yil bo‘lishi mumkin. Qo‘mita qarorini kutish qoldi”, — deya yozmoqda Nikimbayev.
Agar bu tasdiqlansa O‘zbekiston 2021 va 2022-yillarda ham Osiyo miqyosidagi musobaqalarda uchta klub bilan ishtirok etadi. Ikkita o‘rin (1+1) Chempionlar Ligasida, yana bitta o‘rin OFK Kubogida.
Eslatib o‘tamiz, 2019 va 2020-yilgi mavsumlar uchun O‘zbekiston klublari Osiyo Chempionlar Ligasi musobaqasida “2+1” kvotaga ega (ikkita guruh bosqichi va bitta pley-off). Reytingdagi pasayish tufayli O‘zbekistoning 2021—2022-yilgi OChL musobaqasi uchun kvotasi “1+1”ga tushib qolgandi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)