Boks bo‘yicha WBA sobiq chempioni Ruslan Chagayev Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tayotgan “Nokaut qirollari” boks musobaqasida rossiyalik Fatima Dudiyevaga murabbiylik qilmoqda.
Shimoliy Osetiyadan bo‘lgan Dudiyeva 14-noyabr, payshanba kuni yengil vazn toifasida o‘tkazilgan jangda polshalik Dorotoy Norekni mag‘lubiyatga uchratdi. Uni musobaqaga Ruslan Chagayev tayyorlagan.
Ma’lumot uchun, Chagayev professional ringda 34 g‘alabaga erishib, bir durang va uch mag‘lubiyat qayd etgan. O‘zbekistonlik sobiq bokschi 2016-yilda ushbu sportdagi faoliyatini yakunlagan edi. Chagayev so‘nggi jangida avstraliyalik Lukas Braunga yutqazib qo‘ygan va WBA kamarini qo‘ldan boy bergandi.
Biroq keyinchalik Braun doping testidan o‘ta olmagan va kamar Chagayevga qaytarilgan. 2016-yilda WBA Ruslanga kamar uchun da’vogar Fres Okendo bilan jang qilish majburyatini qo‘ygan, biroq Chagayev bu talabni bajarmagan va chempionlik kamaridan ayrilgan.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)