Dollardagi hisob-kitobini kamaytirish uchun milliy valyutadan foydalanishga qulay sharoit yaratib berish kerak. Bu haqda Senatning 11-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan 23-yalpi majlisida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurotov fikr bildirdi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri Musulmonbek Ibrohimov.
Yalpi majlis kun tartibidagi “Valyutani tartibga solish to‘g‘risidagi” qonunning yangi tahriri muhokamasida senator Turg‘un Iskandarov Markaziy bank vakillariga shunday savol bilan murojaat qildi: “Hech birimizga sir emaski, fuqarolar ko‘chmas mulk va transport vositalari oldi-sottisini chet el valyutasi — dollarda hisob-kitob qilishga odatlangan. Meni qiziqtirayotgan savol — ushbu qonun ma’qullanadigan bo‘lsa, bunday noxush holatlarning oldi olinadimi?”.
Mavzuga doir: Markaziy bank raisi nima uchun O‘zbekistonda narxlar MDH davlatlaridagidan ko‘ra tezroq o‘sayotganiga izoh berdi
“Buni bevosita ushbu qonun kuchga kirgandan keyin ‘yo‘q bo‘ladi’ deyishimiz noto‘g‘ri. Chunki bunga avval siyosatimiz bilan iqtisodiy zamin yaratishimiz kerak. Oxirgi uch yilgacha bo‘lgan davrda qarorlarimiz bilan mamlakat ichida avtomobilni, biletni valyutaga sotib olishni o‘zimiz belgilab qo‘ygan edik. Vaholanki, ‘Markaziy bank to‘g‘risida’gi qonunimizda mamlakat hududida yagona to‘lov vositasi milliy valyuta — so‘m deb belgilangan. Shu nuqtayi nazardan kelib chiqsak va, ikkinchi tomonini ham ochiq aytishim kerak, biz odamlar milliy valyutada o‘sha oldi-sotdilarni bevosita amalga oshirishlari uchun sharoit ham yaratmagan edik”, — dedi Nurmurotov.
Markaziy bank rahbarining aytishicha, bitta hovlining milliy valyutadagi oldi-sotdisidagi pul katta hajmda bo‘lib ketadi. Kelajakda buning oldini olish faqat qilinayotgan amallar bilan — xalqning ishonchi, eng avvalo, milliy valyutaning qadri bilan, ikkinchidan esa, o‘sha hisob-kitoblarni qulay, oson va yengil o‘tishiga sharoit yaratish bilan belgilanadi.
“Bunga, bir tomondan naqd pulsiz, kartochkalar orqali hisob-kitoblarni ko‘paytirish orqali, to‘lov kartochkalariga odamlarni ishonchini oshirish orqali erishamiz. Ikkinchidan, muomaladagi pul belgilarimiz — banknotalarni nominal strukturasini yaxshilash, ya’ni kengaytirish yo‘li erishamiz. Bu holat nafaqat O‘zbekistonda, balki boshqa sobiq SSSR mamlakatlarida ham uchraydigan holat. Muammoni faqat va faqat qilayotgan iqtisodiy xatti-harakatlarimiz bilan, aholini milliy valyutamizga bo‘lgan ishonchini shakllantirish va mustahkamlash bilan bartaraf etish mumkin. Menimcha, bunga qarshi prokuratura yoki boshqa organlar orqali kurashsak sal noto‘g‘ri bo‘ladi. Eng avvalo, biz bunga sharoit yaratib bersak, xorijiy valyutada oldi-sotdi qilish holatlari o‘z-o‘zidan kamayib ketaveradi”, — deya qo‘shimcha qildi Markaziy bank raisi.
O‘z navbatida, Senat raisi Tanzila Norboyeva Markaziy bank rahbarining fikrini ma’qulladi: “Buni amalga oshirish uchun aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borish zarur. Targ‘ibot ishlarida senator va deputatlarimizni ham alohida o‘rni bo‘lishi kerak bo‘ladi”.
Avvalroq, 12-may kuni OAVda Chilonzordagi ikki xonali uyini 25 ming dollarga sotgan fuqaro va shu pulga uyni sotib olgan fuqaro Bosh prokuratura huzuridagi departament xodimlari tomonidan Jinoyat kodeksining, jumladan, 177-moddasi bo‘yicha ayblanib, qo‘lga olingani haqida xabar berilgan edi. Oradan uch kun o‘tib bu xabarlar Bosh prokuratura matbuot xizmati tomonidan rad etilgan edi. Bu orada esa dastlabki xabardagi vaziyat jamoatchilikning ham e’tiroziga, ham kulgisiga sabab bo‘lgan, “Departament xodimlari o‘z uylari va mashinalarini qaysi valyutaga olgan ekan?”, degan savollar yangragan edi.
Izoh (0)