Qashqadaryoning Dehqonobod tumanida 11-oktabr kuni soat 4:00 atrofida M-39 “Olmaota—Toshkent—Termiz” yo‘lining Gumbuloq qishlog‘i hududidan o‘tgan 1262-kilometrida “Kamaz” yuk mashinasi va Lacetti ishtirokida yirik yo‘l-transport hodisasi yuz bergan.
Qashqadaryo viloyati IIB matbuot xizmatidan “Daryo”ga ma’lum qilishlaricha, Termiz tarafdan kelayotgan Lacetti haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, qarama-qarshi tomondan kelayotgan “Kamaz” bilan to‘qnashgan; hodisa oqibatida Lacetti jiddiy zararlangan, “Kamaz” ag‘darilib ketgan.
Xabar berishlaricha, hodisa oqibatida uch kishi voqea joyida vafot etgan, bir kishi esa turli darajada tan jarohati olib, Dehqonobod tuman markaziy shifoxonasining reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.
Mazkur holat yuzasidan Dehqonobod tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Surxondaryoning Sherobod tumanida yuz bergan YTH oqibatida ikki kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.
Izoh (0)