Sankt-Peterburgning Krasnogvardeysk sudi milliy adovat negizida O‘zbekiston fuqarosini o‘ldirmoqchi bo‘lganlikda gumon qilingan Roman Kulev va Vladislav Smolikovni hibsga oldi. Bu haqda “TASS” xabar berdi.
Qayd etilishicha, gumonlanuvchilar asli moskvaliklar bo‘lib, Kulev Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universitetining 6-bosqichida o‘qiydi, Smolikov esa ishsiz.
16-sentabr, dushanba kuni Kulev va Smolikov 1987-yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosiga tajovuz qilgan. Smolikov jabrlanuvchining yuziga ko‘zni yoshlatuvchi gaz purkaganlikda va ko‘kragiga kamida ikki marta pichoq bilan zarba berganlikda ayblanmoqda. O‘zbekistonlik tirik qolib, shifoxonaga yetkazilgan.
Gumonlanuvchilar 17-sentabr, seshanba kuni qo‘lga olingan. Ta’kidlanishicha, ular ayblarini tan olmayapti va ko‘rsatmalar berishdan bosh tortmoqda.
Rossiya tergov qo‘mitasida ma’lum qilinishicha, gumonlanuvchilar millatchi qarashlarga ega bo‘lib, ularning irqchilik va milliy adovat negizida sodir etilgan boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda.
Izoh (0)