Sunnatulla Bekenov O‘zbekiston Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori etib tayinlandi. “Huquqiy axborot”ning xabar berishicha, bu haqdagi tegishli qaror Prezident tomonidan 13-sentabr, juma kuni imzolangan.
Bekenov agentlik direktori lavozimida Ahadbek Haydarovni almashtirdi. Qayd etish joiz, joriy tayinlovga qadar Bekenov investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari edi.
Ma’lumot uchun, Sunnatulla Bekenov (1971-yilda tug‘ilgan) 2005-yilgacha O‘zbekiston Qimmatli qog‘ozlar depozitariysi bosh direktori, 2005—2007-yillarda moliya vaziri o‘rinbosari, Vazirlar Mahkamasining axborot-tahliliy departamenti mudiri, 2008—2009-yillarda Vazirlar Mahkamasi ijro apparati rahbari, 2009—2010-yillarda iqtisodiyot vaziri bo‘lib ishlagan.
U 2010—2015-yillarda hukumatning ijro etuvchi apparati boshqaruvchisi, 2015—2016-yillarda tashkiliy-kadrlar masalasi bo‘yicha Prezident davlat maslahatchisining birinchi o‘rinbosari, 2016—2018-yillarda iqtisodiyot vaziri birinchi o‘rinbosari, 2018—2019-yillarda Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan.
Sunnatulla Bekenov 2019-yil yanvarida investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqovga birinchi o‘rinbosar etib tayinlangan edi.
Izoh (0)