O‘zbekiston mustaqilligining 28 yilligi munosabati bilan Buxoroda 15 nafar mahkumga nisbatan jazoni o‘tash shartlari yengillashtirildi, bir nafari ozodlikka chiqdi va oilasi bag‘riga qaytarildi. Bu haqda “Daryo”ga Jinoyat ishlari bo‘yicha Kogon shahar sudi raisi Zarif Sherov ma’lum qildi.
Buxoro viloyat IIB Jazoni ijro etish bo‘limi 1-sonli jazoni ijro etish koloniyasida bo‘lib o‘tgan sayyor sud majlisida dastlab, mahkumlarga nisbatan jazoni ijro etish muassasasi tomonidan kiritilgan taqdimnomalar ko‘rib chiqilgan. Unga ko‘ra, Jinoyat-ijroiya kodeksi 113-moddasiga asosan umumiy tartibli koloniyada jazoni o‘tayotgan mahkumlar manzil-koloniyaga o‘tkazilgan.
Qayd etilishicha, ozodlikdan mahrum etish tariqasida jazoni o‘tayotgan mahkumlar uchun umumiy tartibli koloniyalarga nisbatan manzil-koloniyalarda imtiyoz va yengilliklar mavjud. Unda mahkumlar soqchisiz, erkin va fuqarolar kiyimida yurishi, cheklanmagan miqdorda telefon orqali so‘zlashishi, muassasa boshlig‘i qaroriga binoan manzil-koloniya hududida yoki undan tashqarida oilasi bilan alohida yashashiga ruxsat berilishi ham mumkin.
Sud ajrimi bilan 16 nafar mahkumning sodir etgan jinoyati uchun tayinlangan jazo muddatining asosiy qismini o‘tagani, qilmishidan chin ko‘nglidan pushaymonligi inobatga olingan.
Izoh (0)