Mustaqillik bayrami dasturida belgilangan barcha tadbirlar davomida xavfsizlikni ta’minlashga Ichki ishlar vazirligi va uning quyi tizimlari alohida e’tibor qaratmoqda, deya ma’lum qildi IIV vakillari.
Tayyorgarlik jarayonlarida Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari huzuridagi maxsus komissiyalar bilan hamkorlikda bayram tadbirlari bilan bog‘liq barcha obyektlarning texnik, yong‘in xavfsizligi hamda sanitariya holati o‘rganib chiqilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rilgan. Xavfsizlik talablariga javob bermaydigan obyektlarda ommaviy bayram tadbirlari o‘tkazilishiga yo‘l qo‘ymaslik alohida nazoratga olingan.
IIV patrul post xizmati va jamoat tartibini saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i Baxtiyor Pormonovning so‘zlariga ko‘ra, tasdiqlangan dasturlarga asosan bu yil respublika bo‘yicha 231 joyda Mustaqillik bayramining asosiy tantanalari o‘tkazilsa, 100 dan ortiq obyekt foydalanishga topshiriladi. Shu bilan birgalikda, O‘zbekistonning deyarli barcha bog‘lari, xiyobonlari va saylgohlarida xalq sayllari bo‘lib o‘tadi.
Tantanalar o‘tkaziladigan barcha manzillar IIVning maxsus guruhlari nazoratida bo‘lishi hamda barcha joylarga ichki ishlar organlarining tegishli sohaviy xizmatlari xodimlari xizmatga jalb etilishi aytildi.
Shuningdek, mahalla va mavzelarda jamoat tartibini saqlash hamda osoyishtalikni ta’minlash uchun ichki ishlar organlari tayanch punktlari xodimlari kechayu kunduz xizmatda bo‘ladi.
Izoh (0)