Janubiy Koreyaning Pusan chet tillar universiteti professori, “Buyuk kelajak” ekspertlar kengashi a’zosi Azamat Akbarov oliy ta’lim vaziriga ochiq xat yo‘llab, unda mamlakat oliy ta’lim tizimida kuzatilayogan tanazzul sabablari haqida o‘z fikrlarni bayon qildi. “Daryo” ushbu xatni e’lon qiladi.
Taraqqiyot eng avvalo ta’lim tizimining yaxshi yo‘lga qo‘yilganiga bog‘liq. Zero, ta’limdagi islohotlar taraqqiyotga zamin yaratadi. Mamlakatimizda bu sohada tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Bunday jarayonlarga guvoh bo‘lish, hissa qo‘shish, yorqin kelajakni his etish o‘zgacha quvonch bag‘ishlaydi. Oliy ta’lim tizimi ham bundan mustasno emas.
So‘nggi uch yilda juda katta imkoniyatlar ochilgan bo‘lsa ham, oliy ta’lim tizimida ancha hal qilinmagan muammolar talaygina. Prezident har bir masalaga markaziy e’tibor berib kelayotganligini ko‘rib turibmiz va bir kun kelib bu masalani ham ko‘tarishi tabiiy, demak, shaxsan mamlakat prezidenti bu muammolarni o‘rtaga tashlamaguncha, nimani kutib turibmiz va nega ularni hal qilmayapmiz? Demak, biz qo‘shimcha vazifalardan qo‘rqyapmiz, yoki sovet davridagi kabi yuqoridan buyruqlarni kutishda davom etyapmizmi? Eng muhimi, ilgari imkoni bo‘lmagan siyosiy va iqtisodiy sharoitlar yaratildi, demak imkoni qadar vaqtdan va berilgan imkonlar unumli foydalanish kerak.
2019-yil 24-may kuni O‘zbekiston Milliy universitetida oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari bilan bo‘lgan uchrashuvda “Ilmni, tarbiyani to‘g‘ri qilsak, hamma sohalarni malakali mutaxassislar o‘zlari rivojlantiradi”, – degandi prezidentimiz. Shundan kelib chiqqan holda, men ham ushbu davlatning har bir fuqarosi singari oliy ta’limdagi muammolarga yechib topish uchun o‘z takliflarimni bermoqchiman.
Oliy ta’lim vakillari innovatsiyalar va yangi yo‘nalishlar paydo bo‘lganini kuzatib borayotgandir, bundan xabarim yo‘q. Shuning uchun, oliy ta’lim tizimini tez vaqtda tiklash va dastlab markaziy Osiyoda va keyinchalik dunyoda ham raqobatbardosh bo‘lishga erishish uchun vazir janoblariga 16 bosqichdan iborat o‘z yo‘l xaritamni taklif etmoqdaman.
1. Oliy ma’lumot olish osonroq bo‘lishi uchun nima qilish lozim?
Bu muammo har tomonlama va izchillik bilan yondashuvni talab qiladi. Masalan, 2020-yildan boshlab, pulli o‘qishga kiradigan talabalar kirish imtihonlarini bir necha marta – yanvar, mart, iyun va avgust oylarida topshirish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak. Misol uchun, agar 11-sinfdagi talaba yanvar oyida sinovdan o‘tsa va qabul qilish uchun belgilangan ball olgan bo‘lsa, u darhol tanlangan universitetga hujjat topshirishi va shartli o‘qishga kirgan deb hisoblanishi va bemalol maktabni tugata olishi mumkin.
Bunday tartib yangilik emas – uni Rossiya Federatsiyasi va boshqa mamlakatlarda keng qo‘llashadi. Masalan, ularning vakillari qishda yaqin qo‘shni davlatlarga borib, imtihon testlari o‘tkazishadi va qabul qilishga yetarli ballar olgan yigit-qizlar darhol Rossiya oliygohlariga qabul qilinadi.
Agar maktab yoki kollej bitiruvchisi davlat granti hisobiga o‘qishga imtihon topshirishni xohlasa, u avgustda o‘tkaziladigan imtihon testlarini topshirishi lozim, faqat shu imtihon testlari natijalari asosida bepul ta’lim grantlari konkurs va taqsimlanishi o‘tkaziladi. Yanvar, mart, iyun oylarida imtihondan o‘tgan talabalar faqat pullik o‘qishga kira oladilar. Universitetlarga kirish imtihonlarni maktablarning davlat imtihonlari qatorida tashkilashtirsak ham bo‘ladi.
2. Ta’lim davrida talabalarning qiziqishlariga ko‘ra fanlarni tanlash
Bu usulni allaqachon joriy qilish lozimligi o‘z-o‘zidan ayon.
Dunyoning barcha rivojlangan mamlakatlarida “yo‘nalish tanlash” haftasini o‘tkazishda birinchi kurs talabalari tanlov kurslarida ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Har bir oliygohda o‘z tanlab o‘qiladigan fanlar ro‘yxati bor. Oliygohlarda fanlarning ro‘yxati, ularning qisqa ta’rifi bilan keltirilgan katalog mavjud. Talabalarda o‘zi uchun fan kursi, o‘qituvchi va ta’limning sur’atini tanlash imkoni bor. Agar talaba joriy semestrda birvarakayiga beshta fanni o‘zlashtira olmasligini bilsa, aytaylik, uch xil fanni tanlab ro‘yxatdan o‘tkazadi. Kredit ta’lim tizimining vazifasi olinadigan bilimlar hajmini unifikatsiya qilish (bir xillashtirish) bilan birga, ta’limni maksimal ravishda individuallashtirish va mustaqil ishning o‘rnini oshirishdan ham iborat.
Avval bakalavriat ta’lim tizimi uchun to‘rt yilni tashkil qilgan “normativ ta’lim muddati” tushunchasini bekor qilish lozim. Bundan keyin talaba o‘zi uchun necha yil o‘qishi lozimligini o‘zi belgilasin. Ushbu bilim darajasini olishning asosiy mezoni ta’lim dasturini o‘zlashtirish va 120, 180 yoki 240 kredit ballari to‘plashdan iborat. Bu masala talabaning tanloviga bog‘liq – u dasturni besh yil ichida yoki, aksincha, agar qo‘shimcha yozgi yoki qishki sessiyalarda o‘qicha uch yilda o‘zlashtira olishi mumkin.
Shuningdek, oliy o‘quv yurtlariga talabalarning mamlakatning boshqa oliy o‘quv yurtlarida o‘qishlari va shundan keyin kreditlarni qayta hisoblash uchun vaqt rejalashtirish huquqini beradigan “kredit mobilligi” va “harakatlanish bo‘sh davri” tushunchalarini joriy qilish kerak. Afsuski, hozirgacha bizning talabalarimiz mobillik dasturiga ko‘ra biror joyga borib o‘qish uchun ular bir yoki ikki semestr o‘qishni o‘tkazib yuborayotganliklari sababli akademik ta’til olishlari kerak edi. Ularni rag‘batlantirish o‘rniga ularni jazolar edik. Ba’zida hayron bo‘laman, vazirlikda juda ko‘p mutaxassislar bor bo‘lsa-da, ammo hech kim bu muammoga e’tibor bermagan, biroq vazirlikda ko‘plab universitetlarning vakillarini qabul qilishganiga aminman.
3. “Yangi davr” ixtisosliklarini joriy qilish
Mamlakatimiz raqamli texnologiyalarning faol bosqichini boshlashi lozim, shu sababli bizga ushbu soha mutaxassislari juda ham kerak. Hozirgi kunda mamlakatimiz oliygohlari oldida “kelajak ixtisosliklari” deb nomlanadigan ro‘yxatdan yangi ta’lim dasturlarini joriy qilish kabi vazifa turishi kerak.
“Smart-texnologiyalar”, “Kompyuter mexatronikasi”, “Katta hajmli ma’lumotlarni tahlil qilish”, “Kiberxavfsizlik”, “Kriptologiya”, “Raqamli kriminalistika”, “Ma’lumotlarning intellektual tahlili”, “Robot texnikasi tizimlari”, “Dasturiy injiniring”, “Raqamli gumanitaristika” va boshqa sohalar bo‘yicha yangi ta’lim dasturlari 2019-yilning o‘zidayoq ishlab chiqilishi va joriy qilinishi lozim.
Ta’lim to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirishlar kiritish bilan universitet ta’lim dasturlarini muntazam yangilab borish masalasi, nihoyat, hal etilishini yodda tutish kerak – endilikda ularning qo‘llari “ochildi” deb aytish mumkin. Universitetlarda standart o‘quv dasturlari mavjud bo‘lmasligi kerak. O‘quv dasturlarining kamida 80 foizi – oliygohlarning o‘zida tuzilishi kerak. Agar 2020-yildan boshlab chet ellik talabalarni O‘zbekistonga jalb qilmoqchi bo‘lsak, barcha ta’lim dasturlari 2019 yil oxirigacha yangilanishi kerak.
4. O‘zbekistonda olingan oliy ma’lumot chet ellarda tan olinishiga erishish
Yevropa hududida O‘zbekistonda olingan oliy ma’lumot va ixtisos natijalari turli sabablarga ko‘ra tan olinmasligining bir necha sabablari mavjud: mamlakatimiz Bolonya deklaratsiyasini imzolamagan va kredit ta’lim texnologiyasi hamda ECTS asosida baholash tizimi bizning ta’lim tizimimizda joriy etilmagan. 2019-yilga kelib Strasburgda joylashgan Yevropa Kengashiga a’zo barcha davlatlar Bolonya jarayoni konvensiyani ratifikatsiya qildi. Konvensiyani Yevropa Kengashiga a’zo bo‘lmagan Avstraliya, Belarus, Kanada, Isroil, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Yangi Zelandiya kabi davlatlar ham ratifikatsiya qilgan. AQSh konvensiyaga imzo chekkan, biroq hali ratifikatsiya qilgani yo‘q. Afsuski, Markaziy Osiy mamlakatlari orasida faqat O‘zbekiston va Turkmaniston Bolonya jarayoni hujjatlarini ratifikatsiya qilmagan.
5. Mavjud oliy ta’lim tizimini o‘zgartirish – OTMlarga kengroq avtonomiya
Oliy ta’lim tizimini takomillashtirish doimiy jarayon bo‘lib, aynan oliy ta’lim vazirligi hozirda faol bu ish bilan shug‘ullanishi kerak. Bugungi kunda asosiy vazifa – oliy o‘quv yurtlari, ilmiy, boshqaruv va moliyaviy tizimlar uchun keng avtonomiya berish, shuningdek, ta’lim sifatini oshirishdir.
Shu bilan birga, akademik va boshqaruv erkinligini oshirish universitetlarning mas’uliyatini oshirishni ham talab qiladi.
6. Universitet diplomlarini sertifikatsiya qilish
Ushbu tizim ish beruvchilarga ishga kiruvchining o‘zi e’lon qilgan kasb va malaka talablariga muvofiq kelish-kelmasligini tasdiqlash imkonini beradi. Ya’ni, diplom mavjudligi ishga joylashish huquqini bermaydi.
Shu asnoda, ushbu tajriba allaqachon muvaffaqiyatli tarzda amalda qo‘llanilmoqda va bir qator mamlakatlarda, masalan, Avstraliya, Buyuk Britaniya, Irlandiya, Norvegiya, Turkiya, Finlyandiya, Koreya Respublikasi kabi mamlakatlarda amalga oshirilmoqda. Masalan, siz huquqshunoslik ixtisosligi bo‘limini tugatishingiz mumkin, ammo bu diplom sizga advokat bo‘lish huquqini bermaydi – advokat bo‘lish uchun siz mustaqil tashkilot masalan, advokatlar kollegiyasi yoki uyushmasi o‘tkazadigan maxsus imtihondan o‘tishingiz kerak. Yoki auditorlar uchun – auditorlik diplomi auditorlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini bermaydi. Buning uchun auditorlar uyushmasidan ham sertifikatsiyadan o‘tish kerak. Tibbiyot sohasi diplomi holatida ham xuddi shunday – tibbiyot oliygohidan diplom olganingiz sizga shifokor sifatida ishlash huquqini bermaydi – buning uchun siz maxsus imtihon topshirishingiz kerak va sertifikat olganingizdan so‘ng, ushbu kasbda ham va yana bir qator yo‘nalishlarda ham ishlashingiz mumkin.
Bunday tizim bozordan qoloq oliy o‘quv yurtlari va dasturlarini chetlatadi – hamma ushbu oliygohlarni bitirganlar o‘z malakalarini tasdiqlay olmas ekanlar, demak ishga joylasha olmasliklarini bilishadi.
Yana bir chora – davlat namunasida diplomlarini bekor qilish va har bir oliy o‘quv yurti o‘z diplomlarini chiqarishini joriy qilishdan iborat. Diplom ortida davlat emas, balki muayyan oliygohning nomi va obro‘si bo‘lsa, bozor muayyan oliy o‘quv yurtining diplomini baholaydi.
7. Oliy ta’limda xalqarolashuv
Oliy ta’lim tizimining jozibadorligi xalqarolashuv darajasi bilan isbot qilinadi. So‘nggi 41 yil ichida dunyoda xalqaro talabalar soni 8,3 barobar oshdi va ular soni qariyb 5 million kishiga yetdi. YuNESKOning bashoratlariga ko‘ra, 2025-yilga borib, xorijiy talabalar 7 millionga yetadi.
Oliy ta’limni xalqarolashtirish qisqa vaqt ichida maksimal iqtisodiy foyda keltirib, mamlakatning geosiyosiy mavqeini mustahkamlaydi. Masalan, 2013–2014-o‘quv yilida Fransiya chet ellik talabalarni jalb qilish uchun ajratilganidan 1,5 barobar ko‘p pul topdi: stipendiya va subsidiyalar uchun 3,5 milliard dollar sarflandi, chet ellik talabalar esa yashashlari, yo‘l xarajatlari va sayohatlari uchun 5,4 milliard dollar sarflashgan. 2014–2015-yillar mobaynida chet ellik talabalar Buyuk Britaniya universitetlarida o‘qish uchun 4,8 milliard dollar to‘lashdi, turli xil tovarlar va xizmatlar uchun ular bunga qo‘shimcha yana 5,4 milliard dollar sarflashdi va bu bilan 207 ming ish o‘rniga imkon berishdi.
2020-yilga kelib Xitoy chet ellik talabalar uchun Osiyodagi eng jozibali joy bo‘lishni rejalashtirmoqda – hukumat rejasiga ko‘ra 500 ming chet ellik talabalar Xitoy universitetlarida o‘qishi kerak. Rossiya Federatsiyasi prezidenti huzuridagi Strategik rivojlanish bo‘yicha kengash 2017-yil may oyida Rossiya oliy o‘quv yurtlarida to‘la muddatli chet ellik talabalar sonini uch barobar oshirish vazifasini ma’qulladi: 2017-yilda 220 ming talabadan 2025-yilda 710 minggacha. Turkiyada 115 ming xorijiy talaba bor. Maqsad – talabalar sonini 350 ming nafarga yetkazib, xorijiy talabalar soni bo‘yicha birinchi beshta mamlakat qatoriga kirish.
8. Ta’lim va akademik madaniyatning sifati
Oliy ta’lim muassasalari orasida raqobat yo‘q. O‘zbekistonda abituriyent faqat bitta davlat oliy o‘quv yurtiga hujjat topshirish huquqiga ega va ushbu muassasalarga qabul qilish tanlovi haqida gapirmasak ham bo‘ladi.
Yaxlit madaniyatini yaratish va saqlab qolish samarali ta’lim berish, o‘rganish va tadqiq qilishning ajralmas qismidir. Akademik yaxlitlikning buzilishi o‘rganuvchi jamoalarning negizi bo‘lgan «haqiqat, akademik erkinlik, jasorat, sifat va erkin intellektual baholash ruhini» yemiradi. Haqiqatda ham barcha magistrlik va doktorlik dissertatsiyalarini plagiat dasturi orqali tekshiramizmi? Barcha nomzodlar dissertatsiyalarini himoya qilishdan oldin plagiatga qarshi hisobotini topshirishadimi?
Universitetlarning shaffofligini kuchaytirishi mumkin bo‘lgan dissertatsiyalarning onlayn nusxalari bormi?
Fikrimcha, plagiat muammosi bilimlarning yetishmasligi bilan izohlanadi va aksar hollarda buning sababi rag‘bat yo‘qligi masalasi bilan bog‘liq, bu esa o‘z navbatida ma’ruza davomida zerikararli va tushunib bo‘lmaydigan ma’lumotlar berish bilan izohlanishi mumkin. Plagiat tahliliy ko‘nikmalarni, ijodiy fikrlash qobiliyatini, o‘quvchilarimizning akademik potensialini o‘ldiradi. Tasavvur qilib ko‘ringchi, bunday talabalar iqtisodimizni qanday qilib rivojlantirishi yoki yosh avlodni qanday tarbiyalashi mumkin? Biz o‘qitish sifatini oshirishimiz, keraksiz fanlarni olib tashlashimiz hamda IT-texnologiyalarni o‘quv jarayoniga joriy qilishimiz va plagiatdan chetlashishimiz kerak.
9. Diplomning mavjudligi ishga joylashishni kafolatlamasligi kerak
Universitetlar o‘z namunalariga ko‘ra diplom berishlari lozim. Universitetlar o‘z mavqelari, bilimlar sifati, professor-o‘qituvchilar tarkibi bilan kafolat berishlari lozim, va davlat nusxasidagi diplomlar bekor qilinishi kerak, chunki bu omil ham oliy ta’lim sifatiga ta’sir qiladi. Ta’lim tizimida sertifikatsiya juda muhim masalaligicha qolmoqda. Sifatni ta’minlovchi chora sifatida qaraladigan va milliy kvalifikatsiya tizimining o‘ta muhim elementlaridan biri bo‘lmish sertifikatsiya o‘tkazish tartibi joriy qilishini lozim.
Bizda professional standartlarning yetarli soni yo‘q, maxsus sertifikatsiya markazlari yetarlicha tayyorlanmagan, va shu sababdan bizda yechilishi lozim bo‘lgan muammolar talay. Diplom bo‘lsa, juda ham yaxshi, ammo diplom egasi o‘ziga muayyan kvalifikatsiya berilganligi haqida sertifikat ham olib kelishi lozim. Ushbu tizim allaqachon bir necha mamlakatlarda amal qilinyapti.
10. Sirtqi ta’lim qaraganda part time tizimi samaraliroq emasmi?
Sirtqi bo‘limlarda tahsil oluvchilar kunduzgi bo‘lim o‘quv dasturining umumiy bilimlar hajmining atigi 50–60 foizini o‘zlashtirishadi xolos. Shunda ham doimo sifatli o‘zlashtirish kuzatilmaydi. Shuningdek, sifatsiz ta’lim mamlakat xavfsizligiga tahdid ekanligini ta’kidlab o‘tishimiz lozim. Mutaxassislar qarorlar qabul qilish lozim bo‘lgan sohaga ishga kelishsa. Masalan, gayka noto‘g‘ri burab qo‘yilsa, bir kun kelib qurbonlarga olib kelishi mumkin. Pedagog yoki muhandis tegishli va o‘rgatishi lozim bo‘lgan to‘g‘ri ta’limni bermasa, jamiyatga zarar keltiradi.
Biz part time tizimi zarurligini anglashimiz kerak. Odamlar turli-tuman vaziyat va sharoitda yashayotgani uchun ularda bunday imkoniyatga ehtiyoj bor. Ammo bu tizimga biroz o‘zgartirishlar kiritish lozim. Hozir tegishli huquqiy-me’yoriy hujjatlar tayyorlanishi lozim. Biroz o‘zgartirishlar kiritilgan ko‘rinishda part time bizda joriy qilinishi lozim. Birinchi o‘zgartirish —talabalarga davlat umumta’lim standartiga ko‘ra tegishli o‘quv dasturi darslari hajmining 65 foizini emas, balki 100 foizini o‘qitish lozim. Ikkinchidan, masofali o‘qitish texnologiyadan foydalanishni joriy qilishimiz lozim. Bu esa maxsus tizim ishlab chiqishni talab qiladi.
11. Qishloq kvotalari asosida universitetda tahsil olish imkoniyatini oshirish kerak
So‘nggi bir necha o‘n yillikda O‘zbekiston shaharlari markazlaridan tashqi tomonga qurilish davom etayotgan shaharlar cheti hududlari — «shahar aglomeratsiyalari»da yashash imkoniyati sharoitlari va barqarorligini oshirish uchun qoidalar ishlab chiqish lozim. Qishloqlarda yuqori malakali ekspert-mutaxassislarning va savodli yosh avlodning yetishmasligi kabi yana bir muhim muammoga duch kelish mumkin. Qishloqlarda mutaxassislarning yetishmasligi masalasi dolzarbligi tufayli davlat qishloqdan kelgan abituriyentlar uchun muayyan imtiyozlar taklif qilishi lozim. Qishloqdan kelgan abituriyentlar uchun davlat hisobidan o‘qishga qabul bo‘lish uchun kirish ballari shaharlik abituriyentlar uchun qo‘yiladigan ballarga qaraganda pastroq bo‘lishi lozim. Tahsil tugagach, universitetdagi maxsus komissiya bitiruvchi 3 yil qaysi qishloqqa borib ishlab berishini belgilashi lozim. «Qishloq kvotasi» bo‘yicha tahsil olish grantlarini olgan talabalar tahsil tugagach qishloq hududlarida 3 yil ishlab berishlari kerak. Bu talab pedagogik, tibbiy va veterinar ixtisoslar bo‘limlarini bitiruvchilarga qo‘llanilishi lozim.
12. Universitetlarda ko‘ngillilik tizimini boshlash kerak
O‘zbekiston oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi vaucher tizimini joriy qilishi mumkin. Shartli ravishda olsak, vazirlik ko‘ngilli talabalarga soatiga 5 ming so‘m to‘lashi mumkin. Mintaqa va talabalarning hunarlari va bilimlaridan kelib chiqib, to‘lov narxi turlicha bo‘lishi mumkin. Ijtimoiy talabalar vaucheri ijtimoiy yo‘nalishda ish olib boradigan, ijtimoiy foydali ishlar bilan shug‘ullanadigan talabalarga beriladi.
Ushbu loyihada universitet talabalariga ikki xil vaucherlar taklif qilinishi mumkin:
Birinchi turi — 20 soat ko‘ngillilik faoliyati uchun. Bu vaucher asosida oldidan tasdiqlangan fan bo‘yicha kelishilgan ballar qo‘shilgan holda 100 ming so‘m pul to‘lanadi yoki kelishilgan fanlar bo‘yicha ikki akademik kredit qo‘shiladi.
Ikkinchi turi — 50 soat ko‘ngillilik faoliyati uchun oldindan tasdiqlangan fan bo‘yicha belgilangan ballar qo‘shgan holda 250 ming so‘m pul to‘lanadi yoki kelishilgan fanlar bo‘yicha besh akademik kredit qo‘shiladi.
Ijtimoiy talabalar vaucheri quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha ijtimoiy yo‘naltirilgan, ijtimoiy foydali faoliyat olib boruvchi talabalarga beriladi:
1) inklyuziv ta’lim;
2) repetitorlik (o‘zbek tili, rus tili, ingliz tili, kompyuter savodliligi);
3) tarbiyasi og‘ir balog‘atga yetmagan bolalar bilan ishlash;
4) mahalla/hovli va sport klublari tashkil qilish;
5) qariyalar bilan ijtimoiy ish.
Ushbu loyihaga yiliga 50–100 ming talabani jalb qilsa bo‘ladi.
13. OTMlarning dolzarb muammolari — past saviyali kadrlar
Ta’lim xizmatlariga bo‘lgan talabning oshishi ta’lim muassasalari sonining oshishiga olib kelibgina qolmay, adolatsiz raqobatni ham keltirib chiqaradi. Ta’limning notizim olib borilishi xavfi mavjud, ya’ni o‘qitiladigan kurslar majmuasi soha o‘qituvchilarining bor-yo‘qligiga asoslanib tanlanadi. Ko‘p hollarda chiroyli nomlangan kurslar ortida obyektiv shaklda eski mazmun yotadi. Dasturlarni shakllantirish jarayonida, aksar oliy o‘quv yurtlari bilimlar tizimi haqida o‘ylamasdan, balki ta’lim xizmatlarining kompetent bo‘lmagan iste’molchisining talablarini qondirishga urinishadi.
Mutaxasislar yoshining qarib borayotganii zamonaviy universitetlarning dolzarb muammolaridan biridir. Yosh o‘qituvchilarni tayyorlash talabalar soni oshishi sur’atidan sekinroq o‘tmoqda. Shu sababdan universitetlar malaka saviyasi past o‘qituvchilarni ishga olishga majbur bo‘layotganliklari holatlari ko‘paygani kuzatilmoqda.
Universitetlar bilan birga davlat ham barcha imkoniyatlarni ishga solib professor-o‘qituvchilarning faolligini oshirishga intilishi lozim. Buning uchun ta’lim sohasida maoshlar miqdorini bosqichma-bosqich oshirish, grantlar taklif qilish yo‘li bilan ilmiy faoliyatni rag‘batlantirish lozim.
14. Ilmiy daraja tizimini xalqaro standartlarga moslash kerak
Xalqaro tajribada oliydan keyingi ta’limda bir bosqichli doktorantura tizimi amal qiladi: bakalavr-magistr-fan doktori. Yuqori pog‘ona – falsafa doktori (PhD). Agar biz O‘zbekiston ta’lim tizimining jozibadorligini oshirishni maqsad qilib qo‘ysak, uni raqobatbardosh qilish, xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish va qabul qilish jarayonini tezlashtirish va zamonaviy tizimlarga rioya qilishimiz kerak. O‘zbekistonda ikkita doktorlik darajasi bor: tayanch – falsafa doktori va oliy – fan doktori. 2012-yilda OAK bir bosqichli doktorlik (bazaviy doktorantura “nomzodlik”) tizimiga o‘tdi. 2017-yilda yana ikki bosqichli tizimga o‘tildi. Nimaymish, xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish uchun “fan nomzodi”ni “falsafa doktori”ga almashtirish bo‘ldi, ya’ni bu yerda nomdan boshqa hech narsa o‘zgarmadi. Ya’ni, hozirgi tizimda talablar birmuncha kuchaytirilgan, nomlar yevropalashtirilgan, xolos. Xalqaro amaliyotda fan nomzodi darajasi va falsafa doktori darajasi – bir-biriga mos kelmaydigan tushunchalar. Albatta, hozirgi tizim, 2012–2017-yilda amal qilgan bir tabaqali tizim mamlakatimiz ilm-fan rivojiga ko‘rsatgan katta salbiy oqibati sababligina undan yaxshiroq ko‘rinadi. Afsuski, 2012–2017-bir bosqichli doktorantura tizimini “ijod” qilganlar ishni boshlashgan-u undan keyingi bosqich shartlarni amalga oshirishmay ishni “chala” tashlashgan. Chalasavodlik bilan boshlangan islohot na sovet davri doktoranturasiga, na G‘arb doktranturasiga o‘xshab qoldi.
15. Raqamli ta’lim maydoni va yangi texnologiyalar
Raqamli platforma va yangi texnologiyalar ta’lim jarayonini tubdan o‘zgartirib yubordi. Hammani bir joyda yig‘ib yoki harbiylashtirilgan, ya’ni sinf xonalarda barcha talabalarga bir vaqtning o‘zida bir xil bilim beradigan uslub qaytarib bo‘lmas darajada eskirib qolganligiga qaramasdan bizda amal qilishda davom etmoqda.
16. Davlat har bir grant o‘rni uchun universitetga pul to‘lanishini kafolatlashi kerak
Grantlar sonini ko‘paytirish masalaga bo‘lgan yechimlardan biridir. Masalan, 2017-yilda Qozog‘istonda 2016-yilga nisbatan davlat grantlari soni 10 mingga ko‘paydi. 2018-yilda hukumatning sa’y-harakatlari tufayli grantlar soni qo‘shimcha 20 mingga ko‘paygan. Natijada grant tanlovi bo‘yicha oliy o‘quv yurtida bir talaba o‘rni uchun 1,4 nafar abituriyentni tashkil etdi. Ko‘rib turganingizdek, davlat misli ko‘rilmagan miqdordagi grantlarni ajratmoqda. O‘ylaymanki, biz ham kelajakda grantlar sonini qisqartirishmas, balki oshirib borishimiz kerak.
Davlat har bir grant o‘rni uchun universitetga pul to‘lanishiga kafolat berishi, ya’ni universitet uchun ajratilgan grant uning gardanida bepul o‘qiydigan talaba bo‘lib qolmasligi kerak, vaholanki universitetlar bepul o‘qiydigan talabalar soni ko‘p bo‘lishini xohlashmaydi, ularga ko‘proq shartnoma asosida o‘qiydigan talabalar kerak.
* * *
Universitetlarimizni jozib holga keltirish uchun, oliygohlarimizning rahbariyatining ishlash tarzini o‘zgartirishimiz kerak, har birining o‘zgacha “monopoliyasi” bor. Ba’zan ishlayotgan, kuchli, bilimli olimlarni yo‘qotishga harakat qilishadi. 25–30 yoshli besh o‘qituvchi muallifligida 32 betli bir necha “risolacha”, qo‘llanmalar ikki yillab nashr rejaga kiritaladiyu, amalda bir sahifa ham yozilmaydi. Ishga olingan yosh domlalar bir yilda bitta tezis yozmaydi. Qanaqa ilm va ilmiy kompetensiya haqida gap ketishi mumkin. “Repetitorlik” avjiga chiqqan, dars paytida o‘qituvchi talabalarga topshiriq berib, narigi honada repetitorlikka chopadi. O‘qituvchilarni, yosh kadrlarni moliyaviy qaramlikdan qutqarish zarur.
Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.
Izoh (0)