21-iyul, yakshanba kuni Pokiston shimoli-g‘arbidagi Dera-Ismoil-Xon shahrida sodir etilgan ekstremistik hujum natijasida kamida sakkiz kishi halok bo‘lgan, yana 30 ga yaqin kishi jarohat olgan. Bu haqda “Al-Jazira” telekanaliga tayanib, O‘zA xabar bermoqda.
Hudud politsiyasi rahbari Salim Riazning ma’lum qilishicha, mototsikllarda kelgan ekstremistlar dastlab shaharning g‘arbiy qismidagi nazorat punktiga hujum qilib, ikki nafar huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarini o‘ldirgan. Hujumni amalga oshirgan to‘rt jangari voqea joyidan qochishga ulgurgan.
Politsiya xodimlari jasadlari shifoxonaga yetkazilayotgan vaqtda esa ikkinchi hujum amalga oshirilgan. Shifoxonaga kiraverishda xudkush terrorchi ayol o‘zini portlatib yuborgan. Oqibatda ikki nafar huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari va to‘rt nafar tinch aholi qurbon bo‘ldi. Telekanal ma’lumotiga ko‘ra, taxminan 30 kishi jarohat olgan.
Hujumlar uchun mas’uliyatni Pokiston Tolibon harakati (Tehrik-i-Taliban Pokiston) o‘z zimmasiga oldi.
Izoh (0)