Rishton – “Buyuk ipak yo‘li”da joylashgan qadimiy hunarmandchilik maskani. Rishtonning kulolchilik va chinni mahsulotlari xorijlik sayyohlar orasida ham ancha mashhur.
Prezidentning joriy yil 6–7-may kunlari Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida Rishton tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan alohida dastur qabul qilinishi belgilangan edi. Shu asosida tuman hududidan o‘tuvchi 4r-112 Farg‘ona halqa avtomobil yo‘lining 14-kilometrini kengaytirish, yo‘l yoqasida joylashgan turar va noturar joylar, ijtimoiy soha obyektlarini qayta qurish ishlari boshlangan.
Ayni kunga qadar 20 dan ortiq mahalla fuqarolar yig‘inlari hududida asosiy ko‘cha bo‘ylaridagi 400 ga yaqin aholi xonadonlari hamda 180 ta noturar va ijtimoiy soha obyektlari, savdo do‘konlari buzilmoqda.
Dastlab buzilayotgan uy-joy egalariga tuman hokimligi vakillari tomonidan yer va kompensatsiya pullari o‘z vaqtida ajratilishi va’da qilingan. Biroq bugun uyi “snos”ga tushgan, do‘koni buzilgan rishtonliklar qiyin ahvolda qolgan.
Xizmat safari bilan Rishtonga borgan “Daryo” muxbiri buzilgan uylari uchun kompensatsiya pullarini to‘liq ololmayotgan xonadon sohiblari va bir kechada hech qanday ogohlantirishsiz do‘konlari buzib yuborilganidan norozi bo‘layotgan tadbirkorlar bilan suhbatlashdi.
Ma’lum bo‘lishicha, uyi buzilgan aksariyat odamlarga tumanning turli hududlaridan yer ajratib berilgan. Eski uy-joylari baholanib, to‘lanishi kerak bo‘lgan kompensatsiya miqdori aniqlangan. Ko‘pchilikka avans tariqasida 10 million so‘mdan pul berilgan.
“Dehqon bozori” yaqinidagi 4 xonali uyi to‘liq buzilgan Latifjon Eshonqulov oilasi bilan ochiq maydondagi usti yopiq so‘rida kun kechiryapti.
– Ikkita o‘g‘lim bor. Oilam bilan mana shu so‘rida yashayapmiz. Kunning issig‘ida ham, yomg‘ir yo jala yog‘sa ham. Ijaraga kvartira topib berishdi, lekin na gazi, na elektri bor. Tuman hokimligidagilar ijara haqini beramiz deyishgani uchun o‘zim 500 ming so‘m to‘lagandim. Hali uniyam berishgani yo‘q. Kechadan boshlab borganim yo‘q u uyga. Uyim bitmaguncha mana shu so‘rida yashayman, hech qayoqqa ketmoqchi emasman.
Yashab turgan hovlimning sahni 2,7 sotix edi, o‘rniga bu yerdan 2 km uzoqlikdagi “Dehqonobod” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidan 4,5 sotix yer ajratib berishdi. Buzilgan 4 xona uyim 66 million so‘mga baholandi. 10 million so‘mdan avans berishdi. Tuman hokimi kelib arzonlashtirilgan narxda sement va qurilish materiallari beramiz degandi. Qolgan puldan ham, qurilish materiallaridan ham darak yo‘q.
Rishtonning rivojlanishidan, yangilanishidan biz ham xursandmiz. Hech narsadan norozi emasmiz, elga kelgan to‘y, ko‘nikamiz. Faqat muammo bo‘lib turgan narsa shu – pulimizni tezroq berishsin. Tezroq uyimizni bitirib, odamga o‘xshab yashaylik, – deydi Latifjon Eshonqulov.
Kechasi uyini buzib yuborishlaridan xavotir olgan Suhrob Ahmadaliyev va uning qo‘shnisi xonadonlari devoriga “Bu yerda odam yashaydi”, “Bu uyda bolalar bor” degan yozuvlarni ilib qo‘yishibdi.
– Mana shu vayrona bizniki. Uylarimiz qisman buzildi, faqat bitta xonasi yashashga yaroqli holatda qoldi. Hovlimiz 7,8 sotix. O‘rniga 5,5 sotix yer berishdi. Uyimizni 134 million so‘mga baholashgan. Shundan 10 million so‘m berildi avans sifatida. 22-may kuni buzish ishlari boshlangan. Bir oydan o‘tdi, ana bo‘ladi, mana bo‘ladi, deb yuribmiz.
Oilada 8 jon yashaymiz. Ota-onam pensioner. Otam 65, onam 62 yoshga kirgan. O‘zim oilaliman, 3 nafar farzandim bor. Sharoit yo‘qligi uchun kichkina farzandim tug‘ilishidan oldin ayolimni ota-onasining uyiga olib borib qo‘yganmiz. Kichkina farzandim bir oylik bo‘ldi, hali yonimda olib yotganim yo‘q ota bo‘lib. Mana shu holatda yashayapmiz.
Prezidentimiz boshlagan yaxshi ishlarga biz ham tarafdormiz. O‘z uy-joyimizni davlat ehtiyojlari uchun berishga rozimiz, faqat buzilgan uyimizning pulini to‘lashsa bo‘ldi. Hamma narsa shu kompensatsiyaga borib taqalyapti. Yangi imoratimizni yoz kunlarida, yog‘in-sochinlar boshlanmasidan bitirib, chiqib ketsak, biz ham xursandmiz, – deydi Suhrob Ahmadaliyev.
Puxta o‘ylanmasdan, shoshma-shosharlik bilan boshlangan buzish ishlari, ayniqsa, keksalar va bolalarga noqulayliklar keltirib chiqaryapti.
– 72 yoshga kirdim. Erim bevaqt vafot etgan. 5 nafar farzandni bir o‘zim katta qildim. Hammasining alohida uy-joyi bor. Hozir mana shu bir xona uyda 4 jon yashayapmiz. Qariganimda shunday holatda qolganimdan xafa bo‘lib ketyapman.
Bu yerda 4,1 sotix joyim bor edi. 10 ta xonasi bilan. 98 million so‘mga baholab ketishdi. 4,5 sotix joy bilan 10 million so‘m pul berishgan. Qolgan pulni qachon berishadi, biz qachon yangi uy quramiz, qachon u yerga ko‘chib o‘tamiz, bilmadim. Axir uy qurish oson ish emas-ku, – deydi Lolaxon Sotvoldiyeva.
“Dehqon bozori”da savdo qiluvchi tadbirkorlar vaqtinchalik tumandagi buyum bozori hududiga ko‘chirilgan. Ammo bu yerda sotuvchi va xaridorlar uchun munosib sharoit yaratilmagan. Tor yo‘l va yo‘laklar, yetarlicha jihozlanmagan savdo tarmoqlari sotuvchi va xaridorlarga ko‘plab noqulayliklar tug‘dirmoqda. Tadbirkorlar duch kelgan joyda savdo qilishga majbur bo‘lishmoqda. Ularga katta yo‘l bo‘ylari, aholi va transport harakati gavjum bo‘lgan maskanlar “boshpana” vazifasini o‘tamoqda.
1 oy oldin ham budjetga o‘rtacha 10 million so‘m pul tushiradigan “Dehqon bozori” o‘rnida bugun qurilish chiqindilari qolgan, xolos. Bozor hududidagi 205 ta do‘kon batamom buzib yuborilgan. Do‘koni buzilgan tadbirkorlarning keyingi faoliyati ham so‘roq ostida qolgan.
– 24 yildan beri shu bozorda savdo qilardim. 4 ta do‘konim bor edi. Hamma hujjatlari joyida. Bu do‘konlarni olguncha bozorni to‘liq asfalt qilib berganman. Hozir bir so‘m bermasdan do‘konlarimni buzvorishdi. Men qo‘limni ham tekkizganim yo‘q. Ogohlantirish yo‘q, xat yo‘q, kompensatsiya yo‘q. Kechqurun kelib, buzib ketishibdi.
Baholashni ham bitta baholovchiga berib, monopoliya qilib olishgan. 20 kun orqasidan yugurdim, yo‘q, do‘konlarimni baholab bermadi. “Aka, xafa bo‘lmang, baholab berolmayman. Menga noturar joylarni baholamaslik haqida buyruq bo‘lgan”, deydi.
Prokuraturaning ishonch telefoniga murojaat qilganimdan keyin 9 yarim million so‘mdan baholab berdi bitta do‘konimni. Bu pulga do‘kon qurib bo‘ladimi? Mayli, to‘lovi ham kerak emas. Joy berishsin o‘rniga, o‘zim qurib olaman, – deydi Suhrob Eliboyev.
Rishtondagi o‘zgarishlar haqida ma’lumot olish uchun tuman hokimligi mutasaddilari bilan uchrashdik.
– Barcha ishlar qonunda belgilangan talablar asosida amalga oshiriladi. Aholiga yer maydonlari berilib, kompensatsiya pullari to‘lanmoqda. Loyihaga muvofiq 8 ta umumta’lim va 12 ta nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi, 6 ta madaniyat markazi, istirohat bog‘i, kinosaroy, 7 ta kutubxona, yoshlar markazi, sport majmualari, avtoshoxbekat, 8 ta tikuvchilik tarmog‘i, 15 ta milliy choyxona, 9 ta hammom, 2 ta “Gipermarket”, 5 ta “Supermarket” singari madaniy va maishiy xizmat ko‘rsatish tarmoqlarini qurish borasida amaliy ishlar boshlab yuborildi. Tuman markazida quvvati 10 ming kilovatt bo‘lgan “T-3” rusumli zamonaviy transformator o‘rnatiladi. Bu mahallalar va xalq xo‘jaligining boshqa tarmoqlarini elektr ta’minoti bilan bog‘liq bo‘lgan muammolar ko‘lamiga yechim topish imkoniyatini beradi. Bundan tashqari, aholining uy-joyga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida 20 ta ko‘p qavatli uy-joylar qurilishiga hozirlik ko‘rilmoqda. Bu 500 nafardan ortiq oilaning uy-joyga bo‘lgan talabini qondirish imkoniyatini beradi. Shuningdek, barcha ijtimoiy tarmoqlar uchun 25 kilometr yo‘l qurilishi, 9,3 kilometr ichimlik suvi, 6,1 kilometr magistral oqava suv, 13 kilometr elektr energiyasi va tabiiy gaz tarmog‘i tortish ko‘zda tutilgan, – deydi tuman hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Sodiqjon Haydarov.
Rejalashtirilgan ishlar amalga oshirilsa, Rishton markazi butunlay zamonaviy shaharchaga aylanishi, odamlarga ko‘plab qulayliklar yaratilishi, shubhasiz. Qayta qurish ishlariga rishtonliklarning o‘zlari ham hayrixoh. Ular faqat kompensatsiya pullari o‘z vaqtida to‘lanishini, buzish ishlari reja asosida tartib bilan qilinishini istashmoqda.
Do‘konlari buzilib, ertaga qayerda faoliyat yuritib, qanday oila tebratishni bilmay boshi qotgan tadbirkorlar esa hokimlikdan izoh kutmoqda.
Izoh (0)