Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi deputatlik guruhi tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 4-apreldagi “ ‘Dafn etish va dafn ishi to‘g‘risida’gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida”gi qarorining Samarqand shahridagi ijrosi o‘rganildi. Bu haqda Zarnews xabar berdi.
O‘rganish natijalarida aniqlanishicha, aholiga xizmat ko‘rsatish maxsus texnikalari yangilab berilgan. Shahar hududida joylashgan 40 ta qabristonga aholiga xizmat ko‘rsatishi uchun 27 ta qabriston nazoratchisi, 71 ta qabriston qorovuli shtat birligi ajratilgan. Mahalliy byudjet hisobidan 200 million so‘m mablag‘ ajratilib, qabriston atrofida devor tortish, ayrimlarida ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan.
Shu bilan birga, ayrim kamchilik va muammolar ham aniqlangan. Xususan, Samarqand shahridagi Xo‘ja Abdu Darun qabristonida ayrim qabrlar cho‘kkan. Amaldagi tartibga ko‘ra, qabrlarni saqlash va qabr usti yodgorliklarini o‘rnatish tartibi qoidalariga ko‘ra alohida dafn etishga ajratilgan uchastkaga uzunligi 1,5 metr, eni 1 metr va balandligi 0,5 metrdan 1 metrgacha bo‘lgan o‘lchamda qabr usti yodgorliklarini o‘rnatish (qurish)ga yo‘l qo‘yiladi. Biroq qabristonda ayrim qabr yodgorliklariga 10-16 kv.metr yer maydonlari ajratilgan. Ya’ni ba’zi hollarda yodgorlik uzunligi 1,5 metr emas, balki 3—4 metr, eni 1 metr o‘rniga 4 metr yerga o‘rnatilgan.
Shuningdek, o‘rganish davomida qabr usti yodgorligiga tirik insonning rasmi, tug‘ilgan yili yozib qo‘yilganligi aniqlangan.
Izoh (0)