Toshkent shahar chegarasi kelajakda yana 18 ming gektar maydonga kengayishi mumkin. Bu haqda Toshkent hokimining kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosari Davron Hidoyatovga tayanib, Sputnik xabar qildi.
Hidoyatov aytishiga qaraganda, hozir Toshkent shahrining umumiy hududi 33 ming gektarni tashkil qiladi. Yangi qo‘shiladigan maydon shaharni yana 60 foizga kengaytiradi.
Xabarda aytilishiga ko‘ra, “Yangi Toshkent” poytaxtning Sharqiy tomonidan, Chirchiq daryosining chap qirg‘og‘i bo‘ylab joylashadi. Biroz oldin Britaniyaning Benoy kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan yangi shahar virtual loyihasi namoyish etilgan edi. Ayni damda xitoylik me’morlar taklifi ham ishlab chiqilmoqda.
“Yangi Toshkent”da ma’muriy hudud, markaziy biznes hududi, savdo hududi va aeroport zonasi bo‘ladi. Yangi shaharda umumiy hisobda 2 millionga yaqin kishi yashashi mumkin bo‘ladi.
Izoh (0)