DXX Namangan viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida “Namangan-Zarkent” yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanayotgan Inomjon Qamchiyev boshqaruvidagi Nexia rusumli avtomashina to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganda, avtomashina o‘rindig‘i ostidan 602 481 AQSh dollari topilgan, deb xabar beradi O‘zA.
Ma’lum bo‘lishicha, Chortoq tumanida tug‘ilgan fuqarolar, muqaddam sudlangan Inomjon Qamchiyev hamda Sherzod Suvonov Toshkent va Namangan shaharlarida qabul qilib olingan ushbu pullarni aylanma yo‘llar orqali Qirg‘izistonga o‘tkazib berishlari kerak bo‘lgan.
Bundan tashqari, xorij valyutasi bilan bog‘liq jinoyat Qashqadaryo viloyatida ham fosh etilgan.
Jumladan, DXX va Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning viloyat boshqarmalari xodimlarining hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbiri davomida Qarshi shahrida yashovchi G‘ayrat Xoliqov hamda Nurbek Bobojonov qonunga xilof ravishda 9300 AQSh dollarini 79 700 000 so‘mga sotayotgan vaqtda ushlangan. Ularning yonidan yana 20 020 AQSh dollari va 132 308 000 so‘m ashyoviy dalil sifatida olingan.
Hozirda ushbu holatlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)