Buxoro shahridagi Abu Ali ibn Sino ko‘chasi yo‘li yoqasida joylashgan tadbirkor Faxriddin Turdiyev rahbarligidagi “Registon” MChJga qarashli 149-sonli Avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasida 19-iyun kuni soat 11:00 da yong‘in sodir bo‘lgan.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi Buxoro viloyat YoXB kuch vositalarini boshqarish markazi guruhi boshlig‘i, kapitan Rustam Ro‘ziyevning “Daryo”ga ma’lum qilishicha, yong‘in natijasida 3-sonli yoqilg‘i quyish kolonkasi qisman, shaxobcha ayvonining 6 m2 maydonida plastik qoplamasi yongan. Yong‘indan 332 m2 maydon saqlab qolingan.
— Ayni paytda yong‘in sababi va moddiy zarari aniqlanmoqda. Surishtiruv esa o‘n kungacha davom etadi. Surishtiruv davomida aholi xonadoniga yetkazilgan moddiy zarar aniqlanib, qiymatini bozor narxida belgilab beramiz. Agar AYoQSh atrofi yoki yaqinidagi korxonaga zarar yetkazilgan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yildagi 13-sonli qaroriga asosan, korxona tomonidan komissiya tuziladi. Korxonaning yong‘in oqibatida qancha moddiy zarar ko‘rganligi ularning xulosasiga ko‘ra qoplanadi. Lekin mazkur yong‘in holatida na aholi xonadoni, na birorta korxona talofat ko‘rgan. Jarohat olganlar ham yo‘q, — dedi Rustam Ro‘ziyev.
Izoh (0)