Innovatsion rivojlanish vazirligining Ta’lim va sog‘liqni saqlashga innovatsiyalarni joriy qilish hamda tadqiq etish boshqarmasi boshlig‘i Baxtinur Xudanov Germaniyaning Vitten/Xerdekke universitetida xizmat safarida bo‘lib, innovatsion loyihalar va ishlanmalarni mamlakatda joriy etish bo‘yicha muzokaralar olib bordi.Bu haqda “Daryo”ga vazirlik matbuot xizmati ma’lum qildi.
Xususan, hozirda jahondagi ko‘plab mamlakatlarda keng qo‘llanilayotgan va O‘zbekistonda rivojlanib kelayotgan teletibbiyot yo‘nalishi bo‘yicha universitet vitse-prezidenti Yan Exlers va maxsus stomatologik xizmat kafedrasi mudiri Andreas Shulte bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida Germaniya tibbiyoti, tibbiy ta’limdagi erishilgan natijalar, innovatsiyalar haqida to‘xtalib o‘tildi. Ularni O‘zbekistonda joriy qilish borasida samarali kelishuvlarga erishildi.
Germaniyalik mutaxassislar bilan vazirlik tomonidan Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq tumanida tashkil etilishi rejalashtirilayotgan teletibbiyotga asoslangan innovatsion klinika loyihasi muhokama qilindi. Xorijlik ekspertlar loyihaga yuqori baho berdi va u markazdan uzoqda joylashgan aholi uchun juda muhimligi, aholining vaqti hamda sarf-xarajatlarini tejash, shu bilan birga tashxislash va maslahat berish sifatini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi. Ushbu tizim Avstraliya, AQSh, Niderlandiya, Germaniya, Hindiston kabi davlatlarda keng qo‘llanilayotgani va aholi bundan mamnun ekanligi aytib o‘tildi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston aholisining stomatologik kasalliklar, xususan, kariyes va uning asoratlariga chalinish darajasi, uning jadalligini o‘rganish bo‘yicha ishlar uzoq vaqtdan beri to‘xtab qolganligi, bu esa stomatologik kasalliklar rivojlanish tendensiyasini aniqlash, profilaktik chora-tadbirlarni ishlab chiqish va joriy qilishni qiyinlashtirayotgani ilmiy dalillar asosida muhokama qilindi. Ushbu sohada ham ilmiy izlanish olib borish uchun grant loyihasini tayyorlash ishlari hamkorlikda boshlab yuborildi.
Izoh (0)