HBO telekanalining “Chernobil” seriali ulkan shovshuvga sabab bo‘ldi. Buning boisi nimada, serialning O‘zbekiston uchun qanday ahamiyati bor — bu savollarga Eldar Asanov javob qidiradi.
AQShning HBO telekanali o‘z shoulariga nihoyatda jiddiy yondashishi, syujet mantiqi va postanovka detallari ustida qattiq ishlashi bilan mashhur. 2000-yillarning eng sifatli asarlaridan biriga aylangan “Nazorat” (The Wire) seriali shu kanal tomonidan ishlangan edi. Keyinroq esa XXI asrning eng mashhur seriali — “Taxtlar o‘yini” (Game of Thrones) taqdim etildi. Bir muddat ilgari telekanal ijodkorlari endilikda eng mukammal tarixiy serial nomiga da’vogar “Chernobil” teleshousini efirga uzatdi.
Besh qismdan iborat mini-serial butun dunyoga mashhur bo‘ldi. Lekin meni qiziqtirgan narsa — u O‘zbekistonda chinakam shovshuv keltirib chiqardi; ko‘plab o‘zbek blogerlari allaqachon serialga o‘z munosabatini bildirdi va bildirishda davom etmoqda. Serial O‘zbekiston uchun qanday ahamiyatga ega ekanligi haqida quyiroqda gaplashamiz. Hozir esa uning kinematografik jihatlariga to‘xtalib o‘tsak.
Serialning o‘ziga xosligi nimada?
Syujetga alohida to‘xtalib o‘tirish, menimcha, ortiqcha bo‘lsa kerak. Nomidan ham ma’lumki, serial Chernobil halokatiga bag‘ishlanadi. O‘n minglab odamlar hayotini olib ketgan, yuz minglarni jismoniy va ruhiy majruhlarga aylantirgan, millionlab insonlar taqdiriga ta’sir o‘tkazgan bu fojia zamonaviy madaniyatda o‘z o‘rniga ega. Chernobil halokati haqida o‘nlab hujjatli kitoblar bitilgan, she’rlar, badiiy asarlarning-ku adog‘i yo‘q. Xususan, yozuvchi Dmitriy Gluxovskiy tomonidan boshlab berilgan “Metro 2033” postapokaliptik romanlar turkumi ko‘p jihatdan Chernobil fojiasidan ilhomlanib yaratilgan.
Shuningdek, ko‘pgina mashhur kompyuter o‘yinlari syujeti va atmosferasi Chernobildan, tark etilgan shahar — Pripyatdagi taqiq zonasidan olingan. Hujjatli va badiiy filmlar, seriallar, qo‘shiqlarni sanab o‘tirsak, vaqtimiz yetmaydi.
Shu qadar mashhur mavzuga qayta qo‘l urgan serial ijodkorlari nima ish qildiki, ularning mehnat mahsuli alohida e’tirofga sazovor bo‘ldi? Nahotki bu sohada aytilmagan gap, yozilmagan fakt, ko‘rsatilmagan sahna qolgan bo‘lsa?
Birinchidan, serial nihoyatda realistik olingani bilan kishini hayratga soladi. Odatda amerikaliklar Rossiya yoki SSSR haqida biror narsa ishlasa, bu asar sovetlar va ruslar haqidagi stereotiplarga to‘la bo‘ladi. Bu stereotiplarni hazilomuz shaklda “balalayka, ayiq, Russian Vodka, Kalashnikov avtomati” deb ta’riflashadi. Hatto propaganda yo‘lida emas, sovet tarixiga hurmat ko‘rsatish uchun olingan kartinalar ham bundan mosuvo emas. Stalingrad uchun janglarda bemisl jasorat ko‘rsatgan mashhur sovet snayperi Vasiliy Zaysevga bag‘ishlangan “Dushman ostonada” (Enemy at the Gates) filmini olaylik. Stalingrad himoyachilari bo‘sh vaqtlarida aroq ichib, balalayka sadolari ostida raqs tushadi, sovet askarlari esa amerikacha fikrlaydi.
Bir so‘z bilan aytganda, amerikalik kinoijodkorlar boshqa davlatlar, xususan, ruslar haqida kino ishlaganda ko‘p hollarda detallarga e’tibor qaratib o‘tirmaydi, “bu badiiy ijod, demak, badiiy to‘qima mumkin” qabilida ish tutadi. Lekin badiiy ijod namunasida real hayot haqqoniy aks etishi, tasvir tarixan autentik bo‘lishi to‘qimani sayqallaydi, uning ertak emas, haqiqatga aloqador badiiy fikr ekanligini ko‘rsatib beradi.
“Chernobil” ijodkorlari buni teran anglaganini tushunish qiyin emas. Amerikalik ijodkorlar sovet turmush tarzini, maishiy hayotini shu qadar sinchiklab tiklaganki, birorta jiddiy kamchilik topish qiyin. Shaharlar qiyofasi, uylar, shifoxonalar arxitekturasi va ichki ko‘rinishi, uylardagi va davlat idoralaridagi mebel, mebel ustidagi kuldon, vaza, stakan, devorlardagi gulqog‘oz va plakatlar, oshxona buyumlari, odamlarning kiyimlari, hatto qahramonlarning uyidagi axlat chelagi ham aynan o‘tgan asrning 80-yillaridagi SSSRni gavdalantiradi; nomi keltirilmaydigan bir epizodik personaj farzandiga uzatayotgan pechenye ham o‘sha yillarga xos; mashinalarning avtoraqamlari aynan Ukraina SSR, Kiyev oblasti uchun taqsimlangan real avtoraqamlardan olingan. Tarixiy haqqoniylikka ishqiboz nozikta’b sinefil o‘rta asrlar dasturxoni ustida Starbucks’dan keltirilgan qahva idishini ko‘rib qanchalik asabiylashgan bo‘lsa, ayol qahramonlarning 80-yillarga xos soch turmagini ko‘rib shunchalik qoniqish hosil qiladi.
Kamchiliklar yo‘q emas, albatta. Kimlardir ruscha aroq ichish madaniyati to‘g‘ri aks ettirilmaganiga urg‘u berdi, masalan. Nima bo‘lganda ham, hatto rossiyalik ijodkorlar ham sovet davrini bu qadar haqqoniy aks ettirganini eslay olmayman.
Ikkinchidan, ijodkorlar til eksperimentlaridan voz kechgan. Odatda biror davlat yoki xalq turmushini aks ettirish uchun amerikalik kinochilar qahramonlarni o‘sha xalq tilida gapirishga majbur qiladi. Barcha aktyorlarni Rossiyadan olib kelish qiyinligi tufayli Gollivud yulduzlari qiynalib-qiynalib ruscha gapirishiga to‘g‘ri keladi. Bu esa filmga haqqoniylik bag‘ishlamay, aksincha, uni parodiyaga aylantirib qo‘yadi. Shu bois “Chernobil” ijodkorlari barcha qahramonlarni inglizcha gapirtirib qo‘yaqolgan. Ayni damda, ularning suhbatlarida sovetcha dunyoqarash va tushunchalar aks etishiga e’tibor qaratgan.
Uchinchidan, voqealar ketma-ketligi, tarixiy faktlar juda batafsil va mumkin qadar to‘g‘ri yoritilgan. Deyarli barcha qahramonlar (shu jumladan nomi eslanmaydigan kichik obrazlar) real prototipga ega. Masalaning ilmiy tomonida ayrim xatolar borligi, ba’zi tarixiy faktlar buzilgani (misol uchun, konchilarning qip-yalang‘och bo‘lib ishlashi) haqida yozildi; badiiy to‘qima ham kam emas. Shunga qaramay, serial Chernobil fojiasi haqida to‘laqonli ma’lumot beradi.
Nihoyat, “Chernobil” haqiqiy epopeya tarzida suratga olingan. Epopeyaning o‘ziga xosligi shundaki, unda bitta aniq bosh qahramon bo‘lmaydi, o‘nlab, yuzlab odamlarning kechinmalari vositasida butun bir davr yoki jamiyat taqdiri chizib beriladi. Epopeya badiiy ijodning eng murakkab janri bo‘lib, uncha-muncha qalamkash unga yaqinlashishga jur’at eta olmaydi. Kinochilarga-ku yo‘l bo‘lsin — vaqt nuqtai nazaridan cheklangan filmlarda o‘nlab odamlarni ko‘rsatib, ularning xarakterini ochish va taqdirini oxirigacha ko‘rsatish deyarli imkonsiz. Lekin “Chernobil” mini-seriali qandaydir yo‘l bilan buning uddasidan chiqqan hamda besh soat ichida o‘nlab obrazlarni to‘la ochib berib, tugal hikoyalarni tomoshabinga taqdim eta olgan.
Yirik fojialar, katta urushlar, uzoq davom etgan ijtimoiy-siyosiy voqealar juda noqulay kinematografik material hisoblanadi. Olti yillik Ikkinchi jahon urushini, uch yilga cho‘zilgan Uotergeyt mojarosini ikki-uch soatda jonlantirishning imkoni yo‘q, imkoni topilganda ham, bu juda zerikarli film bo‘ladi. FIFAning yuz yillik tarixini 110 daqiqaga sig‘dirishga uringan “Birdam hissiyotlar” (United Passions) filmi tanqidchilardan “nol” baho olgani bejiz emas. Shu tufayli kinematografda odatda bitta-ikkita obraz bosh qahramon sifatida tanlanib, ularning taqdiriga urg‘u beriladi, urush yoki siyosiy mojaro esa fon bo‘lib xizmat qiladi.
“Chernobil” esa ko‘plab katta-kichik obrazlarni kadrga sig‘dirib, fojianing ko‘lamini namoyon eta olgan, u millionlab odamlarning taqdiriga ta’sir ko‘rsatganini tomoshabinga yetkaza olgan.
Kadr, ijro, operator ishi
Operatorlar juda yaxshi ishlagan. Qandaydir original operatorlik priyomlari qo‘llanmagani bilan, bo‘layotgan voqealar juda aniq va tushunarli ko‘rsatilgan. Harakatlanuvchi, qimirlovchi tasvirlar, keskin plan o‘zgarishi, tezlashish, sekinlashish, qisqa kadr (“klipper”) — bunday narsalar yo‘q. Kamera bir maromda, sekin harakatlanishi (yoki joyida o‘zgarishsiz turishi) filmning jiddiyligini oshiradi.
Ayni paytda, serialda ramziy kadrlar juda ko‘p. Pripyatliklar yarim tunda to‘planib, olisdagi alanga go‘zalligidan bahra olayotganini, ilk radioaktiv zarralar ayollarning sochlariga, go‘dakning belanchagiga to‘kilayotganini ko‘rib ham zavqlanasan, ham dahshatga tushasan. Kadrda ko‘rib turganing odamlar o‘limga mahkumligini, hech narsa ularni qutqara olmasligini tushunib, iching ag‘dariladi.
Aktyorlar tarkibi saralanganda, bilinib turibdiki, ataylab mashhurlar bilan ishlashdan voz kechilgan. O‘nlab katta-kichik personajlar ichidan ikki-uchta tanish chehrani topa oldim. Bu qahramonlar muhim emasligini, asosiysi bo‘layotgan voqealar ekanligini urg‘ulaydi. Kristofer Nolan o‘zining “Dyunkerk” epopeyasida xuddi shu yo‘ldan borgan edi.
Shu bilan birga, bir-ikki obrazni aytmaganda, deyarli barcha aktyorlar obrazga tushgan: g‘irt sovetcha qiyofalar, qarashlar, hissiyotlar va vaziyatga muvofiq fe’l-atvor yaxshi ochib berilgan.
Bir so‘z bilan aytganda, serialning yutug‘i uning yulduzli aktyorlari emas, balki notanish aktyorlarning mahoratli ijrosidir.
Postanovka va rejissura
Yuqorida aytganimdek, “Chernobil” voqealarni hujjatli filmlar darajasida batafsil ko‘rsatib berishga urinadi. Biroq u baribir hujjatli filmga aylanib qolmaydi, chinakam badiiy asar sifatida qabul qilinadi. Har bir qism biror ta’sirchan, xavotirli sahna bilan yakunlanadi. Har bir qism o‘z ichki tugalligiga ega. Birinchi qism so‘nggida odamlar allaqachon o‘lib bo‘lganidan, fojianing ko‘lamidan bexabar bemalol ishga borib kelayotgani ko‘rsatiladi: hali Pripyatda hammayoq tinch, odatiy turmush tarzi izidan chiqmagan. Ikkinchi qism yakunida pripyatliklarning “komfort zonasi”, o‘rganib qolgan maishatlari beshafqatlik buzib yuboriladi: odamlar uyidan, ishxonasidan olib chiqilib, evakuatsiya qilinadi. Kechagina hech narsadan shubhalanmagan baxtli, baxtsiz, quvonchli, tashvishli odamlar bir zumda zamona qurbonlariga aylanadi.
Serial rejissurasining, syujetining asosiy yutug‘i ham balki shundadir: bu yerda yovuz dushman yo‘q, uni yengish uchun qahramonlar qon kechishi kerak emas. Lekin har qanday yovuz dushmandan qudratliroq texnogen ofat bor. Uni ko‘rib, ushlab bo‘lmaydi, uni to‘xtatib bo‘lmaydi, uni biror mo‘jiza to‘xtatsa ham, filmning eng boshida allaqachon barcha qahramonlar radiatsiyaning o‘ziga tegishli ulushini o‘pkalariga yutib bo‘lgan. Film o‘rtasida biror burchakdan Supermen uchib kelib, barchani qutqarib qolmasligini, kadrda amalda o‘limga mahkumlarni ko‘rib turganingni, ularning eng baxtlilari umrining oxirigacha mutatsion xastaliklardan azob chekishini anglar ekansan, real hayot har qanday xorror filmdan chorasizroq va qo‘rqinchliroqligini tan olasan. Mana yosh o‘t uchiruvchi oilasi bag‘rida xushbaxt — ikki soatdan so‘ng uning terisi kuyib ketib, suyagi qoladi, azobdan bo‘kirib, o‘ldirishlarini, qiynoqdan qutqarishlarini so‘raydi. Birorta fantastik triller tomoshabinga bu qadar ta’sir ko‘rsata oladimi?
Tarixiy janrning dahshati ham shunda — qahramonlar taqdir tegirmontoshi ostidan omon chiqa olmasligini bila turib ularga mehr qo‘yasan. Beixtiyor Salmon Rushdiyning bir chizgisi esga keladi:
...otam fortning nurayotgan devoridagi eshik tirqishida tong otishini kutib turibdi... Otam keyinroq Pokistonga ketishida poyezdda jon taslim qiladigan S.P. Butt, bir necha yildan so‘ng Flegstaff-Rouddagi katta uyida olomon tomonidan tilka-pora qilib tashlanadigan Mustafo Kamol bilan yonma-yon turibdi… Otam ikki o‘limga mahkum bilan vayronalar panasida turibdi.“Chernobil” keskin burilishlar va kutilmagan voqealar negiziga qurilmagan. U sovuq va beshafqat tarixiy faktlarga asoslanadi. Yolg‘onchilik, mansabparastlik, tilyog‘lamalik, jur’atsizlik millionlab odamlarning taqdirini izidan chiqarib yuborishi mumkinligini ko‘rsatib beradi.
“Chernobil”, propaganda va Xenlon prinsipi
Serial chiqishi bilan Rossiya rasmiy telekanallari jazavaga tushib qoldi. Bu kanallar, menimcha, G‘arbda Rossiya aytiladigan har qanday gapni avtomatik tarzda propaganda va axborot urushi deb qabul qilishga o‘rganib qoldi. Ularning ta’kidlashicha, serial tarixiy haqiqatni buzayotgan emish, Rossiyani qoralash kampaniyasi emish.
Har qancha harakat qilmay, “Chernobil”da biror-bir propaganda belgisini, Rossiya yoki SSSRga dushmanlik kayfiyatini topa olmadim. Aksincha, serial ijodkorlari tarixni juda chuqur tahlil qilish bilan birga Xenlon prinsipidan foydalangan degan taassurot qoldi.
Xenlon prinsipiga ko‘ra, biror voqea sabablarini qidirganda birinchi galda odamlarning ahmoqligiga, oddiy insoniy xatolarga e’tibor berish lozim. “Chernobil”da aynan shuning guvohi bo‘lamiz: AESdagi halokat fitna tarzida, sovet hokimiyati esa yovuz mahluq qilib ko‘rsatilmaydi. Olimlarning xatosi bois ehtimoli yo‘q deyilgan portlash sodir bo‘ladi. Olimlar o‘zlarini oqlash uchun, amaldorlar kursisidan va boshidan judo bo‘lmaslik uchun aslida nima bo‘lgani yashiradi, vaziyatni yumshatishga urinadi; eng yuqori rahbariyat ideologik raqibi — AQShning nishoniga aylanmaslik uchun haqiqatni yashirishga, fojia ko‘lamini kichraytirib ko‘rsatishga harakat qiladi. Bu har qanday amaldorga, har qanday hukumatga xos xatolar bo‘lsa kerak. Umuman olganda, hukumat ham, odamlar ham nima bo‘lganini anglab yetmaydi, oxirigacha yaxshilikka umid qiladi (bu ham oddiy insoniy fe’l-atvor). Pirovardida barcha harakatga tushadi: hukumat kerakli choralarni ko‘radi, odamlar o‘z yaqinlarini qutqarish uchun mislsiz jasorat ko‘rsatadi.
Serial sovet hokimiyatining xatti-harakatlariga xolis baho beradi, oddiy odamlarning matonatiga hurmat ko‘rsatadi, ayni paytda tomoshabinda ularning taqdiridan achinish hissini jonlantiradi. Unda propaganda yo‘q.
O‘zbekistonda nima gap?
Teparoqda ham aytdim, serial o‘zbek mediasida katta shovshuvga sabab bo‘ldi. Bu kinotanqidchilik deyarli yo‘q, mualliflar kino borasidagi fikrlarini o‘rtoqlashib o‘rganmagan bizning jamiyat uchun kutilmagan holat bo‘ldi. Bu ijobiy o‘zgarish bardavom bo‘lishini, blogerlar va jurnalistlar yangi film va seriallar haqida yozib, jamoatchilikni ular bilan tanishtirib borishni odat tusiga aylantirishini xohlardim. Qolaversa, sekinlik bilan aynan kinoga ixtisoslashgan mualliflar jamoasi paydo bo‘lishi kerak.
Lekin aynan shu serialga e’tibor berilishining, chamamda, boshqa sababi ham bor. O‘zbekistonda Rossiya bilan hamkorlikda AES qurilishi xususidagi yangiliklar anchadan buyon muhokama markazida. Avval boshidan loyihaning xavfsizligi va kerakligi borasida jiddiy shubhalar yangragan edi. Shu asnoda HBO’ning yangi serialida o‘zimizga tegishli kontekstni topdik. Serialning asosiy mazmunidan “AES xavfli ekan” degan xulosa qilindi, serial qahramonlarining taqdirida o‘zimizni ko‘rib, dahshatga tushdik. “Chernobil”dan ta’sirlanganlar uni tomosha qilishga, ibrat chiqarishga va atom texnologiyalaridan uzoqroq yurishga chaqira boshladi.
Fikrimcha, shu tufayli “Chernobil” o‘zbek blogerlari e’tirofiga sazovor bo‘ldi.
* * *
Chernobil AES avariyasi tarixdagi eng yirik texnogen ofatlardan biridir. Chernobil qahramonlarining xotirasini mangu saqlash, fojiadan ibrat olish butun insoniyatning burchidir. O‘zbekistonda AES qurilishiga kelsak... Rostdan loyiha xavflimi? Yoki o‘zini oqlaydimi? Bu savollarga aniq javoblarni bilmayman. Nima bo‘lganda ham, “Chernobil” faqat serial ekanligini unutmaylik. Tarix darslari qanchalik achchiq bo‘lmasin, hissiyotga berilmay, aqlni bir joyga to‘plab xulosa qilishni eng maqbul yo‘l deb bilaman.
Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.
Izoh (0)