Indoneziya prezidenti Joko Vidodo prezident saylovi natijalari e’lon qilinganidan so‘ng Jakartada boshlangan ommaviy tartibsizlik tashkilotchilari va ishtirokchilarini jiddiy oqibatlardan ogohlantirdi. Bu haqda “TASS” xabar berdi.
“Huquq-tartibot kuchlari ommaviy tartibsizlikka sababchi bo‘lganlarga qarshi barcha zarur chora-tadbirlarni ko‘radi. Qurolli kuchlar va politsiya qonunga muvofiq harakat qiladi”, — degan Vidodo.
U, shuningdek, “hukumat xavfsizlikni, demokratik jarayonlar va davlatning birligini buzadigan shaxslar bilar murosa qilmasligini” ta’kidlagan. Bundan tashqari, prezident Indoneziya aholisini sodir bo‘lgan voqeadan xavotirga tushmaslikka chaqirgan.
Eslatib o‘tamiz, Jakartada norozilik namoyishlari 17-aprel kuni prezident saylovi natijalari e‘lon qilinganidan so‘ng boshlangan edi. Mamlakat Markaziy saylov komissiyasi ma‘lumotlariga ko‘ra, amaldagi prezident Joko Vidodoga 55,5 foiz saylovchi ovoz bergan. Uning yagona raqibi Pravobo Subianto esa 44,5 foiz ovoz to‘plagan.
Muxolifatchi nomzod shtabi saylov natijalaridan norozi ekanligini va Konstitutsiyaviy sudga shikoyat qilishini bildirgan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, saylov vaqtida, keyinchalik ovozlarni hisoblashda amaldagi prezidentning g‘olib bo‘lishiga yordam berayotgan tizimli va qo‘pol xatoga yo‘l qo‘yilgan.
Qayd etilishicha, tungi tartibsizliklar oqibatida kamida olti kishi halok bo‘lgan, 200 dan ortiq kishi jarohatlangan.
Izoh (0)