“Daryo” tahririyatiga yo‘llangan galdagi murojaat bir guruh ta’lim fidoyilaridan. Ularning aytishicha, Nishon tumanidagi 35-davlat ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi o‘qituvchilarining ayni kunda halovati yo‘qolgan. Murojaatchi o‘qituvchilar maktab direktori Xolmurod Shoto‘rayevning yillab maktabga kelmasligiyu, “o‘zim xon ko‘lankam maydon” qabilida ish yuritayotgan o‘rinbosari Oynaxol Mardonovaning pul yig‘ishi xiqildog‘iga kelganini aytishmoqda. Eng yomoni ta’lim maskanida yuz berayotgan adolatsizliklarga tuman xalq ta’limi bo‘limi va viloyat xalq ta’limi boshqarmasi rahbarlari ham shunchaki tomoshabin bo‘lib turishdan nariga o‘tmayotganini bildirishgan.
“Daryo” muxbiri murojaatchilarni qiynayotgan masalalarni o‘rganishga urindi.
Murojaatchilarning muammoni o‘rganishga kirishgan “Daryo” muxbiriga ma’lum qilishlaricha, xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatovning 2018-yil 26-dekabrdagi “Umumiy o‘rta ta’lim muassasasining kuzatuv kengashi haqidagi namunaviy nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi buyrug‘iga asosan tashkil etilgan kuzatuv kengashi faoliyati maktab rahbariyatiga yoqmagan. Eng asosiy muammolar ana shu Kuzatuv kengashi o‘z faoliyatini boshlaganidan so‘ng ko‘rinish bera boshlagan.
— Xalq ta’limi vaziri buyrug‘i ijrosini ta’minlash maqsadida 2019-yil 26-yanvar kuni maktabda tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Jahongir Xolmurodov raisligida yig‘ilish tashkil etildi, — deydi maktab Kuzatuv kengashining ayni damdagi raisi Kamol Isorov. — Yig‘ilishda maktab ota-onalar qo‘mitasi raisi, a’zolari va 155 nafar ota-ona ishtirokida a’zolari 7 nafar kishidan iborat Kuzatuv kengashi saylab olindi. Ana shundan so‘ng Kuzatuv kengashi o‘z faoliyatini boshladi.
Bu orada tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Jahongir Xolmurodov Kuzatuv kengashiga murojaat qilib, maktab direktori va uning o‘rinbosari Oynaxol Mardonova faoliyatidan norozilik ko‘payganligini bildirib, kengashdan vakolat doirasidan kelib chiqqan holda munosabat berishini so‘raydi. Kuzatuv kengashi maktab direktori va o‘rinbosarining o‘z ishiga noloyiq ekanligini bildirgach, o‘rinbosar Oynaxol Mardonova mudir tomonidan ishdan olinadi. Aniqlanishicha, Oynaxol Mardonova uni ishdan bo‘shatgan mudirni sudga bergan va ayni damda sud qaroriga ko‘ra, o‘z o‘rniga tiklangan.
Kamol Isorovga ko‘ra, katta o‘zgarishlarga qo‘l urayotgan Kuzatuv kengashi faoliyati maktab rahbariyati va nafaqaga chiqqan pedagog Abdusamad Mallayevga xush kelmaydi.
— Kuzatuv kengashi o‘z faoliyatini boshlagach, maktab direktori Xolmurod Shoto‘rayevning surunkali tarzda ishga kelmasligi va maktabda bo‘layotgan adolatsizliklar, ya’ni maktab binolarining ijaraga berilishi va ijara pullarining to‘g‘ridan to‘g‘ri direktor cho‘ntagiga tushishi kabi holatlar haqida o‘rgana boshladik, — deydi Kamol Isorov. – Tabiiyki, bu maktab rahbariyatiga yoqmadi. Shuning uchun ham nafaqaga chiqqan, o‘z vaqtida direktor o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Abdusamad Mallayev ishga aralashib, Kuzatuv kengashini tarqatib yuborish harakatiga tushdi.
Bizga taqdim etilgan hujjatga ko‘ra, 2019-yil 26-yanvarda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Kuzatuv kengashi raisligiga 92 ta ovoz olgan Oydin Himmatqulova erishgan bo‘lsa, 71 ta ovoz olgan Dilafro‘z Zoirova kengash kotibligiga saylangan. Ammo Kuzatuv kengashi a’zolari orasida Nizomda nazarda tutilganidek, maktabning sobiq bitiruvchilari va nafaqaga chiqqan o‘qituvchi yo‘qligi bois ham bu norozilikka sabab bo‘ladi. Shu sababdan ham nafaqadagi pedagog Abdusamad Mallayev Kuzatuv kengashi faoliyati noqonuniyligiga urg‘u beradi.
Kamol Isorov va murojaatchilarning ma’lumot berishicha, maktab rahbariyatining qing‘irliklari haqida so‘z ochayotgan Kuzatuv kengashi maktab rahbariyatiga xush kelavermagach, raisi kollej o‘qituvchisi Oydin Himmatqulova hamda kotibi Dilafro‘z Zoirovalar maktab direktorining ukasi Ilhom Shoto‘rayev tazyiqi ostida qoladi.
— Ilhom Shoto‘rayev Oydin Himmatqulovaning turmush o‘rtog‘iga borib, “ayoling unday qilayapti, ayoling bunday qilayapti” deyavergach, Oydin opa o‘ziga tinchlik kerakligini Kuzatuv kengashi raisligidan olishimizni so‘radi, — deydi Kamol Isorov.
Ma’lum bo‘lishicha, Kuzatuv kengashi faoliyatiga nisbatan norozilik va kengash raisining ishdan bosh tortishi sabab 2019-yil 23-fevral kuni takroriy tarzda kuzatuv kengashi tarkibi saylab olinadi. Bu safar Nizomga ko‘ra maktabning sobiq bitiruvchisi, nafaqadagi pedagog ham bo‘lgan 9 kishidan iborat kengash raisligiga Kamol Isorov saylanadi.
Takroriy tarzda saylab olingan kuzatuv kengashi ham diqqatini yana o‘sha maktab rahbariyatining mas’uliyatsizligiga qaratadi. Maktab binosidan foydalanayotgan sartarosh, oshpaz va suratchi ijara uchun kelishilgan 150 ming so‘m puldan 50 ming so‘mini ijara markaziga, qolgan 100 ming so‘m naqd pulni esa maktab direktori cho‘ntagiga to‘layotganini aniqlashtiradi.
Kuzatuv kengashining maktabda faoliyat yuritayotgan sartarosh, suratchi va oshxona xodimlari 150 ming so‘m ijaraning 100 ming so‘mini direktorga naqd shaklda to‘lashi haqidagi ayblovi qanchalik haqiqatga yaqin ekanligini bilish maqsadida, sartarosh Adham Boboyorov, suratkash Farruh Ergashev va oshpaz Shoira Tilovovalar bilan gaplashganimizda ular haqiqatdan ham oyiga 150 ming so‘m to‘lashga kelishilganini, 100 ming so‘mni esa naqd shaklda direktorga, direktor yo‘q paytlarda o‘rinbosar Ulashovga to‘lashini bildirdi.
Kuzatuv kengashi shu kabi ma’lumotlarni qo‘lga kiritgach, tuman xalq ta’limi bo‘limiga maktab rahbarini ijtimoiy muhitni izdan chiqarganlikda ayblab, doimiy ravishda kasallik varaqasida bo‘lishini aytib, rahbarlikka nomzod so‘raydi.
Boshliqsiz qolgan tuman xalq ta’limi bo‘limi (ma’lum bo‘lishicha maktab kuzatuv kengashi faoliyatiga xayrixohlik bildirgan mudir Jahongir Xolmurodov ishi ayni paytda sudda bo‘lganligi bois, ishdan chetlatilgan) esa maktab Kuzatuv kengashining ushbu so‘roviga nisbatan sukut saqlashni lozim topadi. Sukut onlari juda uzoq davom etgach, kengash raisi Kamol Isorov viloyat xalq ta’limi boshqarmasi mas’ullari “eshigini qoqadi”.
— Boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Maqsud Panjiyevning o‘zi maktabimizga kelib holatni o‘rganib ketdi, ammo natija yo‘q, — deydi maktab o‘qituvchisi Dilorom Boymurodova. – Panjiyev bizga direktorning ham bola-chaqasi bor-ku, sizlarning bir og‘iz gapingizni deb ishdan bo‘shatib yuborolmaymiz-da, dedi. Eng yomoni direktor umuman ishga kelmasligini, maktab rahbarsiz qolib ketganini tuman xalq ta’limi bo‘limi ham, boshqarma mas’ullari ham yaxshi biladi-ku? Nega endi boqibeg‘am rahbarning bu qilmishiga jim qarab turishadi?
Kuzatuv kengashi raisi Kamol Isorov boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Maqsud Panjiyevning kelishi ham hech narsani o‘zgartirmagach, boshliqning o‘ziga yozma tarzda murojaat qoldiradi. Murojaatida maktab direktori umuman ishga kelmayotganini, Kuzatuv kengashi xulosasiga ko‘ra direktor ishiga noloyiqligini bildirishganini va direktorlikka nomzod berish ishlari paysalga solinayotganini bildiradi. Ammo ming taassufki, bu yozma murojaat ham javobsiz qoladi.
Maktab o‘qituvchisi Dilorom Boymurodovaning ma’lumot berishicha, maktab direktori jamoaga oxirgi marotaba 2018-yil 6-noyabr kuni ko‘rinish bergan. O‘shandan buyon maktab direktorsiz faoliyat yuritmoqda. Kamol Isorov esa direktor joriy yil 28-yanvar kuni ham maktabga bir kelib-ketganini qo‘shimcha qildi.
Boshqarma xodimi, Nishon tumani “kuratori” Shavkat Fayziyevning aytishicha, maktab direktori Xolmurod Shoto‘rayev 2018-yil 6-noyabrdan e’tiboran kasallik varaqasida.
— Direktor har oy har xil kasalliklarini ro‘kach qilib, kasallik varaqasini ochtirib, davolanishda yuribdi, — deydi Shavkat Fayziyev. – Bunday paytda esa xodimni bo‘shatolmaymiz.
Kamol Isorov va Dilorom Boymurodovalarning direktor umuman ishga kelmasligi, 2018-yilning 6-noyabr kunidan e’tiboran direktordan darak yo‘qligi haqidagi gaplarini ayni kunda maktabga vaqtincha rahbarlik qilayotgan direktor o‘rinbosari Feruza Rahmatova ham tasdiqlab, maktab rahbarining ishga kelmaslik holati oxirgi 3 yil davomida surunkali tarzda davom etayotganini bildirdi.
— O‘zimning ishlarimga ulgurmayapman, faqat chopa-chop bilan bo‘lib qoldim, — deydi Feruza Rahmatova. – Buning uchun menga oylik to‘lashmaydi-ku. Oxirgi 3 yil davomida paxtaga ham, saylovda ham maktab direktori sifatida barcha mas’uliyat mening zimmamda bo‘lib qolyapti.
Feruza Rahmatova maktabning direktorsiz ishlab kelayotganini tuman xalq ta’limiga bir necha marotaba bildirganini, maktabga rahbar tayinlashlarini so‘raganini aytmoqda.
— Tuman xalq ta’limi bo‘limida vaqtincha rahbar bo‘lib turgan Norsafar Yoqubov va xodimlar yo‘riqchisiga ham bu haqda takror-takror aytib, “qachongacha bu holatga jim qarab turasizlar”, dedim, — deydi Feruza Rahmatova. — Ishlab turing deyishadi xolos.
— Oxirgi uch yil davomida bo‘lib o‘tgan ota-onalar yig‘ilishida maktab direktori umuman ko‘rinish bermagan, — deydi Muqaddam Saidova. – Biror bir muammo bo‘yicha ham direktorni izlab borsak, kasal deyishadi. Direktorni ko‘rmaymiz. Muammoimiz hal bo‘lmaydi.
Bu kabi ayblovlarga maktab direktori Xolmurod Shoto‘rayev qanday javob berar ekan degan ilinjda, maktab direktorini izladik. Maktabda bo‘lgan kunimiz topolmagach, qo‘l telefoniga qo‘ng‘iroq qildik. Javob bermadi. Maqola chop etilish arafasida ham bir necha marotaba bog‘lanishga urindik. Ammo direktor telefoniga javob bermadi.
“Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan maktab o‘qituvchilari va ota-onalar rahbarning o‘z ishiga mas’uliyatsizligi, ishiga umuman kelmasligi o‘rinbosar Oynaxol Mardonovaning ko‘ngliga kelgan ishni qilishiga zamin yaratib berayotganini aytmoqda.
— Direktor o‘rinbosari Oynaxol Mardonovaning har chorakda topshirgan “otchyot”larimiz uchun ikki ming so‘mdan pul yig‘ishi jonga tegdi, — deydi boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Aziza Aldarova. – Menga ikkita sinf rahbarligini berishgan. Ammo faqat bittasi uchun pul to‘lashadi. Shunga qaramasdan har chorakda “otchyot” topshirayotgan paytim, Mardonova har ikkala sinf uchun ikki ming so‘mdan to‘rt ming so‘m pul berishimni talab qiladi. Arzimagan pulni berishdan qochmayman. Lekin nima uchun berishim lozimligini bilishga haqqim bor-ku?
Maktab o‘qituvchilarining aytishicha, Oynaxol Mardonova maktabdagi mavjud 45 ta sinf rahbaridan har chorakda topshirilayotgan hisoboti uchun 2 ming so‘mdan pul yig‘ib oladi.
— Har chorakda topshiradigan hisobotimiz shuki, — deydi maktab o‘qituvchilaridan biri Munavvar Isayeva, — sinfimizda necha nafar o‘quvchi bor va shuning necha nafari o‘g‘il bolalar, qiz bolalar soni nechta ekanligiyu, yakunlanayotgan chorakda qaysi o‘quvchi kelib, qaysi o‘quvchi ketganligini bildirishimizdir. Eng alamlisi, biz ham hisobot topshiramiz, ham pul to‘laymiz. Ochiqchasiga pul so‘raydi. Sababini so‘rasak, “rayONO”ga berishini aytadi.
“Daryo” muxbiri bilan telefon orqali muloqotga kirishgan Oynaxol Mardonova o‘qituvchilarning har chorakda sinf rahbarlaridan 2 ming so‘mdan pul yig‘ishi haqidagi ayblovlarini tamoman rad etib, bir marotaba maktabga kitob olib kelgan haydovchiga 100 ming so‘m xizmat haqini birovdan olib berganini, so‘ngra buni 49 nafar sinf rahbarlaridan yig‘ib olganini aytdi. “O‘shanda direktorga 100 ming so‘mni qanday to‘layman deganimda “amallab to‘lab yuboring, ko‘paylashamiz” degandi, — deydi Oynaxol Mardonova. — Bo‘ldi, sinf rahbarlardan yig‘ilgan pul faqat — shu”.
O‘qituvchilar Munavvar Isayeva, Kamola Diyorova, Nigora Ro‘ziboyeva, Shahodat Berdiyevalar o‘rinbosar Mardonovaning sinf rahbarlardan har chorakdagi “otchyot”i uchun 2 ming so‘mdan pul yig‘ib olishi yozilmagan qonunga aylanganini, bu ham yetmaganidek o‘rinbosar dars taqsimotida ham tanish-bilishchilikka yo‘l qo‘yishini bildirmoqda.
— Maktabimizda mutaxassislar yetarli bo‘lsa-da, har yili yangi o‘qituvchi olib kelinadi va bizning darslarimizni olib berishadi, — deydi Munavvar Isayeva. – Shunday qilib sun’iy dars taqchilligini keltirib chiqarmoqda. Mana, masalan, Yorqinoy Beknazarova ismli madaniyat kolleji bitiruvchisi 15 soat dars bilan ta’minlangan. Vaholanki, madaniyat kolleji bitiruvchisi maktabda dars berishi mumkin emas.
Oynaxol Mardonova Yorqinoy Beknazarovaning haqiqatdan ham madaniyat kolleji ma’lumotiga ega ekanligini tasdiqlab, u 2006-yildan beri ushbu maktabda ishlashini bildirdi. — 2015-yil dekret ta’tiliga chiqqan Yorqinoy Beknazarova 2018-yil o‘z o‘rniga ishga qaytib keldi, — deydi Oynaxol Mardonova. — Dekretdan chiqqan xodimni ish bilan ta’minlashimiz shart axir.
Jismoniy tarbiya o‘qituvchisi Kamola Diyorova yangi o‘qituvchilarga dars berishda ilgari metod birlashma bilan maslahatlashilganini, o‘rinbosar Oynaxol Mardonova davridagi dars taqsimotida esa metod birlashmaning fikri umuman qiziqtirmay qo‘yganligini aytsa, Dilorom Boymurodova esa Oynaxol Mardonova yangi o‘qituvchilarga dars berishda ulardan moddiy manfaatdorlik ko‘rayotganini aytmoqda.
— Endigina ishga kelgan o‘qituvchi rahbariyatga menga 18 soat dars berasan deb shart qo‘yadi, — deydi Dilorom Boymurodova. – Bunaqangi shart qo‘yishining boisi esa ular “uzatgan”. Men esa “uzatmayman” shuning uchun ham mening darsimni olib ularga beradi.
Dilorom Boymurodovaga ko‘ra, joriy o‘quv yilida maktabda o‘qituvchi kadrlar yetarli bo‘lsa-da, yana 18 nafar o‘qituvchi ishga qabul qilingan.
— Agar Mardonovaga buni aytib, haqimizni talab qilsak yomon ko‘rinamiz va tushgacha bir soat, tushdan keyin esa yana bir soat dars bilan jazolanamiz, — deydi Dilorom Boymurodova. Shu tarzda sun’iy dars taqchilligi kelib chiqaveradi.
O‘qituvchi Nigora Ro‘ziboyeva Mardonova tomonidan ana shunday tushgacha bir soat, tushdan keyin bir soat dars bilan siylanganini aytmoqda.
— Menda shu holat bo‘ldi, avvalroq tushgacha bir soat, tushdan keyin bir soat dars uchun uydan kelib ketardim, — deydi Nigora Ro‘ziboyeva. – Feruza Rahmatova rahbar sifatida ish bajara boshlagach, darslarim joyiga tushdi. Eng yomoni, bu holat 2018-yil noyabr oyigacha davom etdi. Aslida dars taqsimoti avgust oyida yakun bo‘ladi. Nimagadir noyabr oyigacha qaysi sinfda necha soat darsimiz borligini bilmay sarson bo‘ldik.
Munavvar Isayevaning “Daryo”ga qo‘shimcha qilishicha, maktab direktori Xolmurod Shoto‘rayev va o‘rinbosar Oynaxol Mardonovalar nogironligi bo‘lgan 10-sinf o‘quvchisi Muhayyo Alimardonovaga 4–5 nafar o‘qituvchi pedagog xodimlar tomonidan o‘tilishi lozim bo‘lgan ingliz tili, tarix, matematika, ona tili kabi 8 soat darsni o‘rta-maxsus ma’lumotga ega bo‘lgan Zebo Beknazarovaga topshiradi. O‘qituvchilar bu haqda aytgach esa, bu ko‘zbo‘yamachilik barham topadi. Ammo o‘shanda Zebo Beknazarova dars olish uchun katta miqdorda pul berganini aytib, noroziligini bildiradi.
Maktab o‘qituvchilari suhbat davomida toifa olsa-da, ustama olish uchun o‘rinbosar Mardonovaning qosh-qovog‘iga qarashlariga to‘g‘ri kelayotganini aytmoqda.
O‘qituvchi Aziza Aldarova toifasi bo‘lsa-da, ustama olmayotganini aytsa, Shahodat Berdiyeva ustama olish uchun sabab bo‘layotgan o‘quvchilari yutug‘i boshqa o‘qituvchilar nomiga yozilib, uning mehnatidan Mardonovaga tanish va yaqin o‘qituvchilar rohatlanayotganini bildirmoqda.
— Har o‘quv yilida o‘quvchilarim fan olimpiadalarining viloyat bosqichida yuqori o‘rinlarni olib, ustama uchun haqli ekanligim isbotlansa-da, mening yutug‘im Mardonovaga yaqin bo‘lgan o‘qituvchilar nomiga yozilib, ustamani ular olishadi, — deydi ingliz tili fani o‘qituvchisi Shahodat Berdiyeva.
— Ustama olish uchun unga qulluq qilishimiz kerak, uning choyini damlab, xizmatiga o‘tishimiz lozim, o‘shandagina bizga ustama va rag‘bat yozadi, — deydi Dilorom Boymurodova. — Yo‘qsa shunday oyoqosti bo‘lib yuraveramiz. Lekin qachongacha?
Oynaxol Mardonova o‘qituvchi Shahodat Berdiyevaning iddaosiga javoban bu borada o‘zining haqligini isbotlovchi hujjatlarni taqdim qila olishini, ishi haqqoniy ekanligini aytib, Shahodat Berdiyevani tuhmat qilishda aybladi.
Dilorom Boymurodova noqonuniy moddiy yordam va rag‘bat olganligi uchun maktab direktori Xolmurod Shoto‘rayev va uning sobiq o‘rinbosari Abdusamad Mallayevlar o‘z vaqtida tavon to‘lashganini, ortiqcha olingan pullarni qaytarishganini aytmoqda.
— O‘z vaqtida maktab direktori va o‘rinbosari bir-biriga tavsiya berib ustama va rag‘bat olib boqdi, ammo vaqti keldiki, taftish qilindi, mablag‘lar ortiqcha to‘langani isbotlanib, qaytarib to‘lashdi, — deydi Dilorom Boymurodova. — Shundan ham xulosa qilishmayapti.
“Daryo” muxbiri bilan suhbatda o‘qituvchi Shahodat Berdiyeva Oynaxol Mardonovani pedagog sifatida ham o‘z kasbiga noloyiq deya atamoqda.
— Mardonova o‘qituvchi sifatida ham kasbiga noloyiq, — deydi Shahodat Berdiyeva. – Har safar biz o‘qituvchilarni tilga olib bo‘lmaydigan so‘zlar bilan so‘kadi. Qarg‘aydi. Qanday qilib o‘qituvchi shu kabi so‘zlarni aytishiga hayratlanaman.
Bu ayblovga javob bergan Oynaxol Mardonova rahbar sifatida ba’zan qattiq gapirganini tan olar ekan, yomon so‘zlar aytmaganini ta’kidlamoqda.
Maktabdagi mashmashani o‘rganar chog‘i, o‘qituvchilar va ota-onalar ushbu maktab bundan 5–6 yil ilgari respublikadagi mavjud qariyb o‘n mingga yaqin maktablar orasida kuchli 10 talikka kirganini, respublika reytingida 6-o‘rinni qayd etganini aytib qolishdi. Maktabning ayni kundagi reytingi bilan qiziqqanimizda esa tumanda oxirgi o‘rinlarni qayd etishini bildirishdi. Maktab jamoasining respublika miqyosidagi 6-o‘rindan tuman darajasidagi reytingda oxirgi pog‘onaga tushib qolish maktab jamoasining “katta qulash”idan darak berib turibdi. Nega? Nima uchun maktab bunday holatga keldi? Maktabning shu qadar obro‘-e’tiborini yo‘qotishiga tuman xalq ta’limi bo‘limi va viloyat xalq ta’limi boshqarmasi mas’ullari jim qarab turishdimi? Savollar ko‘p, javoblar esa mutasaddilardan. O‘ylaymizki, bu kabi savollarimizga viloyat xalq ta’limi boshqarmasi mas’ullari tez orada javob berishadi. Biz esa kutamiz va kuzatamiz.
Izoh (0)