Joriy yil 24-yanvar – 18-mart kunlari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Sog‘liqni saqlash vazirligi mutasaddilari, respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari mutaxassislaridan iborat tarkibda tuzilgan ishchi guruh aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy-sanitariya yordami sifati va samaradorligini oshirish, tibbiyot muassasalari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar holatini o‘rganib chiqqandi.
Ana shu o‘rganishlar davomida aniqlangan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha alohida “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi. Unda bir qator muhim yo‘nalishlar bo‘yicha vazifalar belgilangan. Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida sog‘liqni saqlash tizimi sohasida bittadan namunali tuman tashkil etish vazifasi ham qo‘yilgan edi.
Ayni paytda ishchi guruh tomonidan sog‘liqni saqlash tizimi sohasida bittadan tuman aniqlab olinib, har biri bo‘yicha alohida “yo‘l xaritalari” ishlab chiqib, tasdiqlash choralari ko‘rilmoqda.Hozirda Qonunchilik palatasi deputatlari boshchiligida tegishli soha vakillaridan iborat ishchi guruh Sirdaryo viloyatida bo‘lib, hududda sog‘liqni saqlash sohasida aniqlangan muammolarni bartaraf etish ishlariga amaliy yordam bermoqda.
Xususan, Guliston shahri va Boyovut tumanida aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatni namunali tashkil etish choralari ko‘rilmoqda. Elektron poliklinika tizimini joriy qilish ishlari amalga oshirilmoqda. Har bir oilaviy poliklinika, qishloq vrachlik punkti, qishloq oilaviy poliklinikasini namunali tashkil etishga kirishilmoqda. Tibbiyot muassasalarini ta’mirlash, ularni zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlashga e’tibor qaratilmoqda.
Ishchi guruh tarkibidagi respublika tibbiyot markazlari o‘z yo‘nalishi bo‘yicha Guliston shahri va Boyovut tumanidagi tibbiyot muassasalari ishlarini har taraflama namunali tashkil etmoqda. Buning natijasi o‘laroq, ayni paytga qadar Boyovut tumani tibbiyot birlashmasi tasarrufidagi muassasalarga 8 xil turdagi qattiq va yumshoq turdagi jihozlar uchun 210 million so‘m mablag‘ ajratilib, ularni sotib olish choralari ko‘rilmoqda.
Izoh (0)