2019-yilning 16-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Alan Dunkanni qabul qildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar bermoqda.
Siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsion, turizm, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ikki tomonlama munosabatlar faollashayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. 2018-yili o‘zaro savdo oldingi yilga nisbatan 37% ga o‘sib, 235,9 million AQSh dollarini tashkil etdi, Buyuk Britaniya O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritilgan investitsiya hajmi bo‘yicha 5-o‘rinni egalladi.
O‘zbekiston-Britaniya munosabatlarini yanada rivojlantirishdan tomonlar manfaatdor ekanligi tasdiqlandi va 2019-yilda o‘tkaziladigan tadbirlar rejasi bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.
Xalqaro va mintaqaviy kun tartibi yuzasidan fikr almashish chog‘ida Afg‘oniston muammosiga alohida e’tibor qaratildi. Britaniya tomoni afg‘onlararo tinchlik muloqotiga ko‘maklashish va Afg‘onistonda yirik infratuzilma va ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish borasidagi O‘zbekistonning sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatladi.
Uchrashuvda ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollari, shu jumladan, O‘zbekiston ta’lim muassasalari amaliyotida tegishli standartlar va tajribani qo‘llash masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Suhbatda Buyuk Britaniya Elchisi Kristofer Allan ishtirok etdi.
Izoh (0)