Donald Tramp fevral oyida Xanoyda bo‘lib o‘tgan sammitda Kim Chen Inga Shimoliy Koreyaning yadroviy qurollari va yadroviy yoqilg‘isini AQShga o‘tkazish kerakligi ta’kidlangan hujjatni topshirgan. Bu haqda “Korrespondent.net” xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, Tramp 28-fevral kuni Xanoydagi “Metropol” mehmonxonasida Kim Chen Inga koreys va ingliz tillari yozilgan hujjatni topshirgan.
Ushbu hujjat AQSh “Shimoliy Koreyani butunlay va to‘liq yadrosizlantirish” deganda aynan nimani nazarda tutganini tushunish imkonini beradi.
Ingliz tilidagi hujjatda Shimoliy Koreyaning yadro infratuzilmasini butunlay yo‘q qilish, biologik va kimyoviy qurollarni yaratish dasturlarini, shuningdek, barcha ballistik raketalar, ishga tushirish moslamalari va ular bilan bog‘liq obyektlarni yo‘q qilishga chaqirilgan.
Bundan tashqari, hujjatda Pxenyan tomonidan o‘zining yadroviy dastur bo‘yicha keng qamrovli deklaratsiyasini taqdim etish, yadro infratuzilmasining barcha obyektlari qurilishini to‘xtatish hamda AQShlik inspektorlar va xalqaro mutaxassislar tashrifiga imkoniyat yaratish kabi talablar ham keltirilgan.
Eslatib o‘tamiz, 27—28-fevral kunlari Xanoyda Donald Tramp va Kim Chen In o‘rtasida ikkinchi sammit bo‘lib o‘tgan. Muzokaralar muddatidan oldin, hech qanday hujjat va kelishuvlar imzolanmasdan yakunlangan.
Uchrashuv yakuniga ko‘ra Tramp Kim Chen In Yonbendagi Shimoliy Koreya yadro obyektlari demontaj qilish evaziga barcha sanksiyalarni bekor qilishni so‘raganini ma’lum qilgan. Biroq bu taklif AQSh prezidentini qanoatlantirmagan.
Izoh (0)