Somali poytaxti Mogadishoda 28-mart, payshanba kuni kuchli portlash ro‘y berdi. Natijada 11 kishi halok bo‘ldi, 16 kishi turli darajada tan jarohati oldi. Bu haqda “Korrespondent.net” xabar qiladi.
Reuters axborot agentligining xabar berishicha, Mogadisho tumanlarining birida noma’lum shaxs restoran va mehmonxona yaqinida mashinasiga o‘rnatilgan portlovchi moddalar yordamida o‘zini portlatdi.
Portlash restoranni vayron qildi hamda binoning ichkarisida va tashqarisida bo‘lganlarning ko‘pchiligini hayotdan olib ketdi. Ro‘y bergan hodisa uchun mintaqadagi mavjud guruhlardan birortasi mas’uliyatni hali o‘z bo‘yniga olmagan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta Somalida vazirlik binosiga qilingan hujum oqibatida 15 kishi halok bo‘lgan edi.
1-mart kuni esa mahalliy amaldorlar tez-tez kelib turadigan Mogadisho mehmonxonasida sodir bo‘lgan portlashda 25 kishi qurbon bo‘lgan edi.
Izoh (0)