O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi Saxa Respublikasidagi vaziyat yuzasidan axborot berdi.
Rossiya OAVlariga ko‘ra, Saxa Respublikasida Markaziy Osiyodan kelgan mehnat muhojirlariga qarshi mitinglar bo‘lib o‘tmoqda. Bunga Rossiya tergov qo‘mitasi versiyasiga ko‘ra, qirg‘izistonlik tomonidan amalga oshirilgan zo‘rlash sababchi bo‘lgan.
Hodisa yuzasidan O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida favqulodda ishchi guruh tuzilgan.
Bugungi kunda Saxa Respublikasida O‘zbekistonning 11 250 nafar fuqarosi mehnat faoliyatini olib bormoqda. Vazirlik xodimlari Yoqutistondagi o‘zbek diasporasi vakili Toshpo‘lat Yodgorov bilan bog‘landi. Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘zbekistonliklarning hayoti va sog‘lig‘iga hech narsa xavf solmayapti. Shunga qaramay, diaspora vakili ehtiyotkorlikni yo‘qotmaslikka va zarurat bo‘lmasa, olomon to‘plangan joylarga bormaslikka chaqirdi.
Shuningdek, vaziyat Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi migratsiya agentligining Rossiyadagi vakili Saidno‘mon Mansurovning nazorati ostida. Uning aytishicha, Saxa Respublikasidagi vaziyat barqarorlashgan.
Vatandoshlar huquqlarini qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish maqsadida vazirlik Moskvadagi +7 (903) 507-76-67 yoki Toshkentdagi +998 (71) 200-06-00 raqamlariga qo‘ng‘iroq qilishni so‘raydi.
Izoh (0)