O‘zbekiston davlat banklarining kuzatuv kengashlaridagi yuqori lavozimli amaldorlar, shu jumladan, rais o‘rinbosarlarini professional mutaxassislar bilan almashtirish rejalashtirilmoqda, deya xabar beradi “Gazeta.uz”.
Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekistondagi missiyasining yakunlariga bag‘ishlangan tadbirda ishtirok etganlardan biri davlat banklarining kuzatuv kengashlari asosan banklarning rivojlanishiga yetarli e’tibor bera olmaydigan yuqori mansabdor shaxslardan iborat ekanligini ta’kidladi.
Markaziy bank raisi, yangi tahrirdagi banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi qonunning qabul qilinishi bilan ushbu muammo hal bo‘lishini qayd etdi.
“Bu biz uchun juda og‘riqli masala. Biz banklar va banklar faoliyati to‘g‘risidagi yangi qonunimizda ushbu masalalarga butunlay boshqacha yondashamiz. Kuzatuv kengashining mustaqil a’zolardan (banklar) iborat bo‘lishini qonun bilan mustahkamlaymiz. Biz hukumatga bu boradagi qarashlarimizni taqdim etganmiz. Yangi qonunda bu albatta ko‘zda tutiladi va biz uni hayotga tadbiq etamiz”, — dedi Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov.
Misol uchun qayd etish lozimki, Xalq banki kengashiga bosh vazir o‘rinbosari — moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov boshchilik qiladi, Kengash raisining o‘rinbosari esa iqtisodiyot va sanoat vazirining birinchi o‘rinbosari Ravshan G‘ulomovdir.
“Asaka” banki kengashi raisi sifatida Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining ijrochi direktori, investitsiya va tashqi savdo vazirining o‘rinbosari Shuhrat Vafoyev, boshqa kengash a’zolari sifatida Moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Axadbek Haydarov va Olmaliq hokimi O‘ktamjon Karimovlar faoliyat olib boradi.
Izoh (0)