Farg‘onada ijtimoiy tarmoqlarda ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan ma’lumot va materiallarni tarqatib kelgan, “virtual jamoat” tashkil qilgan shaxs sud hukmi bilan 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi, deb yozadi O‘zA.
Oltiariqlik Alisher Umarqulov 1997-yilda Muhammad Mamarizayev bilan tanishib undan diniy saboq oladi. Ammo bu tanishuv zamirida tinchlikka raxna solish, o‘zgalar qalbi va ongini zaharlashga qaratilgan “ta’lim” ham bo‘ron singari hayotini alg‘ov-dalg‘ov qilib yubordi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Oltiariq tumani sudining 2000-yil 25-oktabrdagi hukmiga ko‘ra, “hizbut-tahrir” diniy ekstremistik oqimiga a’zo bo‘lib, tashkilot faoliyatida qatnashib yig‘ilishlarida ishtirok etib kelganligi uchun 7 yil ozodlikdan mahrum qilinadi. 2003-yilda amnistiya aktiga asosan jazodan ozod etilib, hayotini izga solish uchun unga imkoniyat berildi. Ammo u yana eski “qilig‘i”ni boshlaydi. 2012-yil sentabr oyida M.Mamarizayev bilan topishib, uning uyida yig‘ilib turadigan 3—4 nafar “xizbut”chilar bilan tanishadi. U yerda jinoiy sherigining kuyovi A.Maxsudovni oqimga a’zolikka qabul qiladi. Keyinchalik R.Haydarov ham ularning biriga aylanadi.
“To‘rtovlon” har oyda yig‘ilib, Oltiariq tumani hududida “hizbiy xalqa” tashkil qilishib, internetda o‘zgalarga tuzoq qo‘yishni boshlaydi. O‘zi singari e’tiqodi zaif, zamiri puch g‘oyalarning etagidan tutadigan kimsalarni izlab topishadi. Qarmog‘iga ilinganlarni o‘z tarafiga og‘dirib, elektron diniy adabiyotlar bilan saboq bera boshlashadi. A.Umarqulov o‘zining halqasiga A.Yakubov, A.Mamarizayev va B.Mamatovni, M.Mamarizayev — M.Rahimov, “Ahad”, A.Mo‘minov, A.Azizboyevni, I.Vohobov — A.Abdullajonov, A.Mirzarahmonovni, R.Haydarov — “Tursunali”ni, A.Mahsudov esa B.Boboyev, M.Yulchiyev, A.Qo‘ziyev, X.Karimov, A.Ergashev, M.Haydarov va D.To‘tabayevni jalb qiladi. Ular yig‘ilishlarda internet tarmog‘i orqali oqimning yangiliklari va g‘oyalari bo‘yicha o‘zaro fikr almashgan. Virtual jamoaga birlashgan holda tashkilotning moliyaviy jamg‘armasi hisoblangan “taborruot” pullarini to‘plash hamda boshqa tashkiliy masalalarni muhokama qilib kelgan.
Bu orada A.Umarqulov garchi turmush o‘rtog‘i, farzandlari bo‘lsa-da, o‘zi singari chirkin g‘oyalari bilan tarmoqlarda kezayotgan N.Aripova bilan tanishib qolib, u bilan 2013-yilda shar’iy nikohdan o‘tadi. Endilikda ular oqimga qiziqishi bo‘lgan shaxslarni jamoat a’zosiga aylantirish, ularga “hizbut-tahrir” tashkiloti nashriyotiga tegishli kitoblardan saboq berib, ongini zaharlashga zo‘r beradi.
A.Umarqulov ularning orasida “mushrif” darajasida faoliyat yuritib, safdoshlarini kengaytirishga “astoydil” kirishib ketadi. O‘zbekiston Respublikasi hududiy yaxlitligini Konstitutsiyaga xilof tarzda buzishga ochiqdan-ochiq da’vat qilib, ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan ma’lumot va materiallarni tarqatib keladi. O‘zining “jamoat”, “halqa” hamda internet tarmog‘ida “virtual jamoat” diniy ekstremistik tashkilotlarini tuzib, ularga rahbarlik qiladi.
2013-yil sentabr oyida jamoat a’zolari Oltiariq tumanining Poloson qishlog‘ida istiqomat qiluvchi M.Mamarizayevning xonadonida to‘planib, o‘z faoliyatini aniq bir maqsad sari amalga oshirish va bevosita oqimning yuqori turuvchi rahbarlari bilan aloqa o‘rnatishga kelishib oladi.
A.Maxsudov internet tarmog‘i orqali Qirg‘iziston Respublikasida faoliyat yuritayotgan gumashtalari bilan bog‘lanib, biron-bir yuqori turuvchi shaxslardan ko‘rsatma va yo‘l-yo‘riqlar berilsa, faoliyatini rivojlantirishga turtki bo‘lishini aytib, rahnamolik qilishlarini so‘raydi. Mazkur yilning oktabr oyida A.Umarqulov Qirg‘iziston Respublikasi Qadamjoy tumaniga o‘tib, u yerda o‘zini “Hoji” deb tanishtirgan diniy ekstremistik oqimining Qirg‘iziston Respublikasidagi vakili bilan uchrashib, unga faoliyatlari haqida ma’lumot beradi. Halqani yanada kengaytirishga qaratilgan tavsiyalar olib, ijtimoiy tarmoqda da’vatlarni kuchaytiradi.
Vaqti-soati kelib, jinoyatchilarning sirlari fosh bo‘layotganda esa oila a’zolariga ishlash maqsadida Rossiya Federatsiyasiga ketayotganligini aytib, sheriklari bilan Qirg‘iziston Respublikasi Qadamjoy tumaniga o‘tib ketadi. Ijtimoiy tarmoq orqali bir-birlari bilan doimiy ravishda bog‘lanib turadi. Shunday holatda ham qilmishini anglamagan nobakor er endilikda turmush o‘rtog‘i Z.Umarqulovaga ta’sir o‘tkazib, uni oqimga a’zo bo‘lishiga da’vat qilib kelgan. Unga profil ochib berib, 2014-yilning avgust oyiga qadar muloqotda bo‘lib turadi. Ammo tez vaqt ichida xotini qonun oldida javob berishiga to‘g‘ri kelib, sudlandi.
Ongini ham, qalbini ham zulmat chulg‘ab olgan er turmush o‘rtog‘ining taqdiridan zarracha o‘kinmaydi. Hech narsa bo‘lmagandek, Qizilqiya shahridagi dehqon bozorida pishiriq sotish bilan shug‘ullanuvchi F.Mirzayeva bilan tanishib, u bilan yashay boshlaydi.
Bir-biri bilan ko‘risholmagan qochqindagi “birodarlar” virtual olamda bo‘y ko‘rsatishlari bilan faoliyatlari huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan yakunlandi. A.Umarqulov safdoshlarining siyraklashib qolganidan xavotirga tushib, tarmoqda o‘ziga boshqa o‘lja izlay boshlaydi. D.Nazarov, F.Usmonov va B.Usmonov yangi “hamrohlariga” aylanadi. Ularga oqimga tegishli bo‘lgan mavzulardagi maqolalarni ijtimoiy tarmoqlarga joylab, o‘zlariga o‘xshash shaxslarni tanlab olish, “virtual jamoat” tashkil qilish vazifasi yuklanadi. D.Nazarov turmush o‘rtog‘ini hamda “Otabek”, “Ne’mat” ismli jiyanlari, ishchilari “Murod” va “Nuriddin” ismli shaxslarni oqimga da’vat etadi hamda ularga “ustoz”lik qiladi. Halqaga keyinchalik tojikistonlik “Abdulloh”, “Abdurashid”, qo‘qonlik “Sher”, “Polvon” taxallusli kimsalar ham qo‘shilgan.
2018-yilning 12-yanvar kuni e’tiqod ovchisining faoliyati xotima topdi. Qirg‘iziston Respublikasi O‘sh shahrida Qirg‘iziston Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi xodimlari tomonidan qo‘lga olindi va O‘zbekiston Respublikasi huquq-tartibot idoralari xodimlariga topshirildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudi tomonidan A.Umarqulovning qilmishlari ko‘rib chiqilib, unga tegishli jazo tayinlandi.
Izoh (0)