Xitoyning Xanchjou shahridagi ikkita kompaniya 30 yoshdan oshgan turmushga chiqmagan ayol xodimlariga sakkiz kunlik ta’til taqdim etdi. Mazkur ta’til Xitoy Yangi yili vaqtida davlat tomonidan belgilangan yetti kunlik dam olishga qo‘shimcha tarzda berilgan. Qo‘shimcha dam olish kunlarini ayollar shaxsiy hayot qurish uchun sarflashi ko‘zlangan. Bu haqda TJournal xabar berdi.
Kompaniyalardan birining xodimlar bo‘yicha menejeri aytishicha, ta’tilga ega bo‘lgan xodimalar bu qarorni ko‘tarinkilik bilan qarshi olgan. Kompaniyada ayollar va erkaklar soni teng, biroq ayollar asosan ichki bo‘limlarda ishlagani uchun yigitlar bilan tanishish imkoniyatiga ega emas.
Xitoyda 30 yoshdan oshgan turmushga chiqmagan ayollarga salbiy munosabatda bo‘linadi va ularni ko‘rsatish uchun “qolib ketgan” degan ma’noni anglatuvchi so‘z ishlatiladi. Bu 25 yoshdan keyin turmushga chiqish qiyin degan fikr bilan bog‘langan. Shu bilan birga, Xitoyda butunjahon tendensiyasi kuzatilmoqda. Unga ko‘ra, ayollar ko‘proq karyeraga e’tibor qaratmoqda va an’anaviy yoshdan kechroq turmushga chiqadi yoki umuman turmush qurmaslikni ma’qul ko‘radi.
Izoh (0)