Namangan shahrining “Chorsu” dehqon bozoriga chaqirilgan tez tibbiy yordam mashinasi bozor darvozasi qulf bo‘lgani uchun ichkariga kirolmay, 15 daqiqa turib qoldi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev xabar bermoqda.
9-dekabr kuni ushbu chaqiriq bo‘yicha mazkur manzilga shahar tez tibbiy yordam bo‘limi maxsus brigada shifokori, reanimatolog Bahromjon Puzalov borgan.
— Maxsus brigada uchun 15 daqiqa tugul 1,5 daqiqa ham katta vaqt. Bizning reanimobil borishdan oldin “Damas”da tez yordam ham kelgan ekan. Ikki mashina darvoza oldida turib qoldik, kalit topilmaydi. Oxiri qidir-qidirlar bilan kalit topib kelindi, darvoza ochildi. Qani endi bozor ichkarisiga o‘ta olsak! Bozorning mashina va piyodalar yurishiga mo‘ljallangan yo‘lagini rastalar, sotuvchilar egallab olgan. Bizning Hyundai avtomobilimizning gabariti katta, bir amallab “Damas”ni o‘tkazib yubordik. Hamkasblarimiz kirib, birinchi yordam ko‘rsatib, tok urgan fuqaroni orqa darvozadan olib chiqib ketgan.
Bu holatni darvoza oldidagi “Paynet” shoxobchasi va oziq-ovqat do‘koni egalari ham tasdiqladi. Ularning aytishicha, kalit oldinlari har ehtimolga qarshi ularda turgan, biroq mazkur hodisadan avval 10-15 kun davomida ularda berilmagan.
—Bu yerga to‘satdan tez tibbiy yordam va yong‘inni o‘chirish mashinalari kelib qolishi mumkin. O‘sha paytda qoravullar bo‘lmay qolishini hisobga olib, kalit menga yoki ro‘paramdagi do‘kon sotuvchilariga qoldirib ketilardi. O‘sha kuni aksiga olib kalit bizda bo‘lmagan, — deydi “Paynet” shoxobchasida ishlovchi yigit.
“Daryo” muxbiri bozorga borgan kuni darvoza ochiq ekanligi, kalit esa ham nazorat maskani, ham paynet vazifasini bajaruvchi shoxobchada ekanligiga guvoh bo‘ldi.
Namangan shahar tez tibbiy yordam bo‘limi katta shifokori Jamoliddin Jalilovga ko‘ra, bozor hududida fuqaroni elektr toki urganligi haqidagi murojaat 9-dekabr kuni soat 13.25 da olingan va oradan bir daqiqa o‘tib, 13.26 da maxsus brigadaga uzatilgan. Soat 13.30 da reanomobil bozor darvozasi oldida bo‘lgan.
—Shahar ichida murojaat kelib tushgan manzilga 20 daqiqada yetib borishimiz kerak. Afsuski, o‘sha kungi kabi holatlar bunga ba’zan xalaqit beryapti. Ko‘chalarda mashinalarimizga yo‘l bermaslik, kechki payt yoritish chiroqlarining ishlamasligi, gohida ko‘cha nomlari o‘rnatilmagani, ko‘p qavatli uylar, podyezdlar, xonadonlar raqamlanmagani, kirish yo‘laklariga sement va metall to‘siqlar qo‘yilgani ham vaqtimizni oladi, — deydi Jamoliddin Jalilov.
Bahromjon Puzalovning aytishicha, yuz bergan holat yuzasidan bozor ma’muriyatiga shikoyat qilgan. Chunki bunga o‘xshash voqealar oldin ham ikki-uch marotaba ro‘y bergan.
“Chorsu” bozori ma’muriyatining yong‘in xavfsizligi bo‘yicha mutaxassisi Shavkatjon Matmusayevga ko‘ra, bozorning uch darvozasi bo‘lib, ikkisi avtomobillar kirib-chiqishi uchun mo‘jallangan. Darvozalar 18.00 dan soat 6.00 gacha yuk mashinalari uchun ochiladi. Fuqarolar va yuk aravalari kirib-chiqishi uchun tonggi 6.00 dan kechki 20.00 gacha ochiq bo‘lib, mashinalar bozor hududiga kirishining oldini olish uchun zanjir tashlanib, qulf solib qo‘yiladi.
—10 nafar qorovulimiz bor, kalitlar odatda ularda bo‘ladi. Qayergadir chiqqan taqdirda kalitlar darvoza yaqinidagi do‘konlarda qoldiriladi. Tirbandlikka kelsak, yo‘laklarda ko‘pincha meva-cheva, tuzlangan bodring-pomidor sotuvchilar egallab olyapti. Ularni har safar ogohlantiramiz, qolaversa, o‘zlarining maxsus joylari ham bor, lekin xaridor chekka joyga bormasligini bahona qilib, darvoza oldiga kelib olishyapti, —deydi Shavkatjon Matmusayev.
Mutaxassisning aytishicha, 9-dekabr kungi holatda qo‘shni mahalladagi simyog‘ochdan elektr simi uzilib, bozor hududidagi tikuvchilik ustaxonasi tomiga tushgan, ustaxonaga kirgan fuqaroni bu yerdagi tarnov orqali tok urgan. Mazkur holat o‘sha kuniyoq elektr tarmoqlari korxonasi xodimlari tomonidan bartaraf etilgan.
Ma’lumot uchun, shahar tez tibbiy yordam bo‘limi tomonidan olib ketilgan fuqaroga o‘sha joyning o‘zida yordam ko‘rsatildi va shifoxonaga yetkazildi. Uning holati qoniqarli ekanligi aytilmoqda.
Izoh (0)