“Daryo” nashriga Buxoro viloyati Vobkent tumani “O‘zbakon” mahallasida yashovchi fuqarolardan xat kelib tushdi. Unda Amu Buxoro kanali ustida joylashgan ko‘prikning holati haqida aytiladi.
Ilova qilingan suratlarda ko‘prikning o‘rtarog‘ida beton yotqizmaning bir cheti orasi ochilib, ko‘tarilib qolganini, ikkinchi beton bilan tutashgan joy yemirilib, ko‘prik ustida katta-katta teshiklar paydo bo‘lganini ko‘rish mumkin.
“Kanal doimiy to‘lib oqadi. Maqsadimiz — odam to‘la avtobus ko‘prik sinishi oqibatida suvga g‘arq bo‘lmasdan uni tuzatish. Bu juda katta obyekt: mutaxassis va maxsus texnikalarsiz hashar yo‘li bilan tuzatish imkoni yo‘q. Ammo bu ishda kim bosh bo‘lishi kerak, ko‘prikning egasi kim, topolmayapmiz. Murojaat qilgan tashkilotlarimiz esa holatni ko‘rib, achinib bu bizning qo‘limizdan kelmaydi, deyishdan nariga o‘tishmayapti.
Bu ancha avval tushirilgan suratlar, hozirgi ahvoli bundan-da battar. Qandaydir tashkilot xodimlari (kimligini ham bilmaymiz) ko‘prikni tuzatish uchun rasmiylar diqqatini shu holatga jalb etish o‘rniga, ko‘prikdan o‘tishni taqiqlashdan, to‘siq qo‘yishdan nariga o‘tishmayapti. Xalq to‘siqni chetga surib baribir o‘tadi, ko‘prikdan o‘tmaslikning iloji yo‘q. Chunki maktab, bog‘cha va boshqa infratuzilma obyektlariga yo‘l shu yerdan o‘tgan. Aylanib o‘tish 5—6 kilometr oshiqcha masofani tashkil etadi”, — deyiladi murojaatda.
Izoh (0)