Toshkent viloyatining shahar-tumanlarida ichki ishlar organlarining tungi guruhga jalb etilgan xodimlari, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining “Jasorat” klubi, mahalla posbonlari hamda boshqa jamoatchilik vakillari ishtirokida tungi guruhlar tashkil etilib, sodir etilishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklarning oldini olish yuzasidan mahallalar, ko‘chalarda patrul yo‘nalishlarida ishlar tashkillashtirilmoqda, deyiladi Toshkent viloyati IIB xabarida. Jumladan, Bo‘ka tumanida tungi guruhlar tomonidan mol o‘g‘irligi fosh etildi.
2018-yil 8-dekabr kunidan 9-dekabr kuniga o‘tar kechasi noma’lum shaxs Bo‘ka tumani, Ko‘korol mahallasida yashovchi nafaqaxo‘r, 1954-yilda tug‘ilgan M.O.ning yashash xonadoni hovlisining devorini buzish yo‘li bilan g‘ayriqonuniy ravishda kirib, molxonasida bog‘liq turgan, bozor narxi jami 20 million so‘m bo‘lgan ikki bosh qoramollarini yashirin ravishda o‘g‘irlab, voqea joyidan yashiringan.
Ushbu holat yuzasidan olib borilgan tezkor qidiruv ishlari natijasida ushbu jinoyatni 1990-yilda tug‘ilgan M. D., 1997-yilda tug‘ilgan X. A. va 1997-yilda tug‘ilgan M.Sh.lar sodir etganligi aniqlandi, ashyoviy dalil sifatida ikki bosh qoramol olindi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Bo‘ka tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi (O‘g‘rilik) 2-qismi “v, g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)