2-dekabr, yakshanba kuni Osiyo velosport konfederatsiyasi prezidenti Osama Ahmad Abdulla Alshafar boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyurdi.
Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad 2019-yilning 22—28-aprelga qadar O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan velosiped sportining shosse yo‘nalishi bo‘yicha Osiyo chempionatiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, Osiyo chempionatining “Yo‘l xaritasi”ni ko‘zdan kechirishdan iborat edi.
3-dekabr kuni delegatsiya ishtirokida Toshkentda ijroiya qo‘mita yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda O‘zbekistonda Osiyo chempionatiga tayyorgarlik darajasi, musobaqa bo‘lib o‘tadigan avtomagistral yo‘llarini holati, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar muhokama qilinib, takliflar berildi.
Osiyo chempionati-2019 direktori Xofer Roland, Xalqaro velosipedchilar ittifoqi vakili Farhod Aliyev musobaqalar bo‘lib o‘tadigan Toshkent viloyatiga tashrif buyurib, u yerda avtomagistral yo‘llar holati, mehmonxonalarni ko‘zdan kechirdi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston velosport bo‘yicha tarixda birinchi marotaba Osiyo chempionati o‘tkaziladi. Mazkur Osiyo chempionatida 2020-yil Tokioda bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o‘yinlariga litsenziyalar o‘ynaladi. Osiyo qi’tasidagi 40 ga yaqin davlatlardan 600 ga yaqin velosportchilar ishtirok etadi.
Osiyo chempionati O‘zbekistondan ilk marotaba “Yevrosport” (Eurosport) kanali orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatilishi kutilmoqda.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Kanalga qo‘shilish uchun: @Daryo_sport
Izoh (0)