Sharqiy Timorda timsohlarning odamlarga hamla qilishi 24 martaga oshdi. Bunga Avstraliyadan sudralib yuruvchilarning migratsiyasi sabab bo‘lishi mumkin, deb yozadi ABC News.
Biologlar Sebastyan Brekxeyn va Grem Uebbning aniqlashicha, 1996-dan 2014-yilgacha timsohlar orol aholisiga 130 marta hamla qilgan, ularning aksariyati so‘nggi yetti yilda bo‘lgan. Agar 2007-yilga qadar Sharqiy Timorda bir yilda bir marta hujum qayd etilgan bo‘lsa, endilikda timsohlar yiliga 14 marta hamla qilmoqda.
52 foiz holatlarda timsohlarning hamlasi ayanchli, inson o‘limi bilan nihoya topgan. Shunga qaramay mamlakat hukumati sudralib yuruvchilarning tajovuziga qarshi chora ko‘rmayapti. Gap shundaki, Sharqiy Timor aholisi uchun timsohlar muqaddas jonzot bo‘lib, ular yaxshi insonlarga xavf tug‘dirmaydi. Orolining baliq xo‘jaligi vaziriga tayanib Brekxeyn, timsohlarni tabiatning sudyalari deb sanalishini aytadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, timsohlar juda adolatli va odamlardan farqli o‘laroq adashmaydi.
Olimlarning taxminlaricha timsohlar hujumining tez-tez takrorlanishi Avstraliyadan ularning oqimi oshishi bilan bog‘liq. Brekxeynning baholashicha, bir timsohning Avstraliyaning Shimoliy hududidan 600 kilometr masofani ortda qoldirib orolga kelishiga 15 kunga yaqin vaqt kerak. Sharqiy Timor yo‘nalishida suzayotgan timsohlarni Avstraliyaning neft platformalaridan bir necha bor ko‘rishgan.
Ushbu faraz yuzasidan so‘nggi qarorga kelish uchun Timor timsohlarining DNK tahlilini o‘tkazish lozim. Brekxeyn va Uebb tez orada bu ishga kirishadi.
Sharqiy Timor Indoneziya va Avstraliya o‘rtasidagi Hind okeanida joylashgan. Orolning maydoni 15 ming kvadrat kilometrni, aholisi — 1,3 million kishini tashkil qiladi.
Izoh (0)