2018-yil 13-noyabr kuni Syurixda O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va Shveysariyaning Credit Suisse banki o‘rtasida 200 million yevrolik kredit bitimi imzolandi.
Bitim bilan O‘zbekiston Respublikasi hududida amalga oshirilayotgan, eksport-kredit agentliklari (EKA) kafolati ostida, davlat kafolati taqdim etmasdan investitsiya loyihalarini birgalikda moliyalashtirish sohasida hamkorlik nazarda tutilmoqda.
Mazkur bitimning asosiy afzalligi Shveysariya, Yevropa, Janubiy Koreya va Xitoydan uskuna hamda texnologiyalar yetkazib berishni nazarda tutuvchi loyihalarni moliyalashtirish imkoniyatidir.
“O‘zmilliybank” 1993-yildan boshlab Credit Suisse bilan savdo moliyalashtirilishi va to‘lov amaliyotlari sohasida muvaffaqiyatli hamkorlik qilmoqda. Imzolangan hujjat O‘zbekiston banki va Shveysariya o‘rtasida bunday turdagi bitimlarning eng birinchisi hisoblanadi.
Shveysariya bank tizimi eng ishonchli va dunyodagi barcha banklar uchun o‘ziga xos namuna sanaladi. Bank faoliyatida eng yaxshi xalqaro tajribani o‘rganish va bank xizmatlari hamda mahsulotlarining yangi turlarini joriy etish O‘zbekiston bank sektori uchun ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. “O‘zmilliybank” va Credit Suisse o‘rtasidagi muzokaralar jarayonida hamkorlikning ushbu yo‘nalishi bo‘yicha alohida kelishuvga erishildi.
O‘zbekiston ishbilarmon doiralari to‘qimachilik, metallurgiya va boshqa sanoat sohalarida Shveysariyada ishlab chiqarilgan uskuna hamda texnologiyalarni sotib olishga katta qiziqish bildirmoqda. Erishilgan kelishuvlar ushbu bitimlarning moliyaviy ehtiyojlarini qondirishga yordam beradi.
Credit Suisse Group AG Syurixda (Shveysariya) joylashgan bo‘lib, dunyoning 50 dan ortiq mamlakatlarida vakolatxonalarga ega hamda 800 milliard AQSh dollaridan ortiq aktivlarni boshqaradi.
Reklama huquqi asosida
Izoh (0)