Joriy yilning 3-noyabr kuni Vazirlar Mahkamasida 2018-yilning kutilayotgan yakunlari hamda O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil uchun asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi, soliq va budjet siyosati konsepsiyasi, Davlat budjeti loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi, deb yozadi O‘zA.
Mahalliy hokimiyat organlarining mahalliy budjet daromadlarini shakllantirishdagi erkinligini oshirish, soliq solinadigan bazani kengaytirish, shuningdek, agrar sektorni isloh qilish va valyuta bozorini liberallashtirish bo‘yicha qabul qilingan tadbirlar natijasida 2018-yil yakunlariga ko‘ra, Davlat budjetiga daromad tushumlari prognoz ko‘rsatkichlarining oshirib bajarilishi kutilmoqda.
2018-yilda respublika budjetidan arzon uy-joylar qurilishini tijorat banklarining kredit liniyalari orqali moliyalashtirishga 3,8 trillion so‘m, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlariga 1 527,6 milliard so‘m, “Yoshlar – kelajagimiz” dasturiga 500 milliard so‘m, shuningdek, yangi tashkil etilgan Ayollar va oilalarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondiga 300 milliard so‘m qo‘shimcha mablag‘lar yo‘naltirildi.
Yig‘ilishda kelgusi yillar uchun ishlab chiqilgan asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar prognozi, davlat budjetining daromadlar va xarajatlar parametrlari bo‘yicha yondashuv va takliflar har tomonlama muhokama etildi.
2019-yildan boshlab Davlat budjetini prognoz yil uchun va budjet mo‘ljallarini kelgusi ikki yil uchun tasdiqlash orqali budjetni o‘rta muddatli rejalashtirish mexanizmi joriy etilayotgani ta’kidlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 29-iyundagi PF-5468-son Farmoni bilan tasdiqlangan soliq siyosatini takomillashtirish Konsepsiyasining asosiy yo‘nalishlari doirasida 2019-yildan e’tiboran:
1) ish haqi fondiga soliq yuki quyidagicha kamaytirilmoqda:
jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining yagona stavkasining 12 foiz miqdorida o‘rnatilishi va fuqarolarning majburiy sug‘urta badallarining (ish haqidan 8 foiz) bekor qilinishi natijasida “qo‘lga” tegadigan ish haqi miqdori o‘rtacha 6,5 foizga oshadi;
ish haqi fondidan yagona ijtimoiy to‘lov miqdori 12 foizgacha pasaytirilmoqda;
2) davlat maqsadli jamg‘armalariga aylanmadan (oborotdan) 3,2 foiz miqdorida undiriladigan majburiy ajratmalar bekor qilinmoqda;
3) yuridik shaxslarning foyda solig‘i stavkalari 14 foizdan 12 foizgacha, tijorat banklari uchun – 22 foizdan 20 foizgacha, dividend va foiz ko‘rinishidagi daromadlar bo‘yicha to‘lov manbaidan soliq – 10 foizdan 5 foizgacha, yuridik shaxslar mol-mulk solig‘i – 5 foizdan 2 foizgacha pasaytirilmoqda.
Mazkur choralar natijasida xo‘jalik yurituvchi subyektlar va jismoniy shaxslar ixtiyorida qariyb 10 trillion so‘m mablag‘ qoladi.
Ushbu choralar bilan bir qatorda yig‘ilish qatnashchilari tomonidan resurslardan oqilona foydalanish va budjetga tushumlarning to‘liqligini ta’minlashga yo‘naltirilgan soliq siyosatini takomillashtirish sohasidagi qo‘shimcha takliflar atroflicha ko‘rib chiqildi, jumladan:
mutlaq miqdorlarda belgilangan soliq stavkalarini indeksatsiya qilish (yer solig‘i, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, aksiz solig‘i);
sigareta uchun aksiz solig‘i bo‘yicha qat’iy belgilangan stavka bilan bir qatorda advalor stavkasini joriy etish;
yakka tartibdagi tadbirkorlik subyektlari va mehnat faoliyatining hisobi yuritilishi murakkab bo‘lgan shaxslar uchun fuqarolarning sug‘urta badallari o‘rniga yagona ijtimoiy to‘lovlarni joriy etish (sug‘urta badallarining bekor qilinishi sababli);
ayrim turdagi foydali qazilmalar (qum, ohak, shag‘al va boshqalar) uchun yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq bo‘yicha mutlaq miqdorlarda qat’iy belgilangan eng kam stavkalarni kiritish.
Muhokamalar yakuni bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil uchun asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar prognozi, soliq va budjet konsepsiyasi, Davlat byudjeti loyihasi va 2020—2021-yillar uchun mo‘ljallangan prognoz ko‘rsatkichlarini ma’qullash hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga taqdim etish yuzasidan qaror qabul qilindi.
Izoh (0)