O‘zbekistonda startaplarni joriy etish, ularni qo‘llab-quvvatlash va xalqaro miqyosda ommalashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shuning uchun mahalliy ilmiy va innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish va ishlab chiqarishga joriy qilish maqsadida innovatsion tadbirkorlikning rivojlanish darajasini oshirishni qo‘llab-quvvatlaydigan bir qancha tashkilotlar tashkil etildi, deb yozadi O‘zA.
Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi ham ana shunday tashkilotlarning biri sifatida bugungi kunda innovatsion texnologiyalarni yaratish va hayotga tatbiq etish, mamlakat iqtisodiyotini barqaror va jadal rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Jamg‘arma yosh olimlarning ilmiy salohiyatini rivojlantirishga, shuningdek, innovatsion ishlanmalarni shakllanish bosqichidan boshlab ularni bozorga chiqquniga qadar ilgari surish va ishlab chiqarishga joriy qilishga yordam beradigan qulay shart-sharoitlarni yaratishda ko‘maklashmoqda.
Jamg‘arma direktori Bunyod Oxunovning aytishicha, O‘zbekiston yosh olimlarining qisqa muddatli ilmiy startaplarini moliyalashtirishga joriy yilda jamg‘arma tomonidan 200 ming AQSh dollari ajratilishi rejalashtirilgan. Hozirgi kunga qadar, 21 nafar yosh olimning ilmiy stajirovkalari o‘rnatilgan tartibda to‘liq moliyalashtirildi. Yil yakuniga qadar jami 30 nafardan ortiq yosh olimning ilmiy stajirovkalarini moliyalashtirish kutilmoqda.
“Mamlakatimizda ilmiy startaplarni amalga oshirishning payti keldi, — deydi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi umumiy va noorganik kimyo instituti 1-bosqich doktoranti Sitorabonu Rasulova. — Chunki bugun O‘zbekistonni butun jahon tan olmoqda. Joriy yilda Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining moddiy ko‘magida Moskvadagi D.I.Mendeleyev nomidagi kimyo-texnologiya universitetida qazib olinadigan rudalar bo‘yicha bir oy davomida amaliyot o‘tadim. Endilikda o‘z startapimni shakllantirish va kengaytirish uchun o‘rganganlarimni keng tatbiq qilishga harakat qilaman”.
Izoh (0)