AQShning Braun universiteti olimlari Marsda bir necha milliard yil avval noorganik moddalarning oksidlanishi yordamida hayot faoliyati uchun energiya oluvchi xemosintetik mikroorganizmlar yashashi uchun mos sharoitlar bo‘lganini aniqladi, deb yozadi Science Alert.
Tadqiqotchilar Mars Odyssey orbital qurilmasi yordamida olingan ma’lumotlarni tahlil qilib chiqdi. Ular tog‘ jinslarida toriy va kaliy kabi radioaktiv elementlar bor-yo‘qligini aniqladi. Sayyorashunoslar Mars qobig‘ida 4 milliard yil avval toriy, kaliy va uran qanday miqdorda bo‘lganini aniqlashga muvaffaq bo‘ldi. Ma’lum bo‘lishicha, radioaktiv elementlar suv radiolizi — molekulalarning ionlashtiruvchi nurlanish ta’siri ostida parchalanishi uchun yetarlicha bo‘lgan.
Olimlar aniqlashicha, Mars qobig‘ida tirik organizmlar yashashi uchun potensial yaroqli bo‘lgan keng hudud mavjud bo‘lgan, uning qalinligi bir necha kilometrga yetgan. Unda radioliz natijasida yuz millionlab yillar davomida yuza osti litotrof mikrob ekotizimini saqlab turish uchun yetarlicha miqdorda vodorod ishlab chiqarilgan bo‘lishi mumkin.
Izoh (0)