Hindistonning Beta Drugs kompaniyasi O‘zbekistonda onkologik dori vositalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish to‘g‘risidagi memorandumni imzolab, mahalliy hamkorlar bilan qo‘shma korxona tashkil etdi. Bu haqda qo‘shma korxona ma’muriyati ma’lum qildi, deb yozadi “Gazeta.uz”.
Toshkent viloyatining Bekobod tumanida joylashgan zavod GMP standartlariga to‘liq javob beruvchi uskunalar bilan jihozlangan. To‘liq quvvati yiliga 72 million tabletka va kapsulani tashkil etadi. Inyeksion preparatlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish ham rejalashirilmoqda.
Kompaniya ko‘krak bezi saratoni, leykemiya, kolorektal saraton, oshqozon saratoni, prostata va boshqa onkologik kasalliklarni davolash uchun saraton o‘smalariga qarshi import o‘rnini bosuvchi dori vositalarni ishlab chiqishni maqsad qilgan.
“Narxlarimizning raqobatbardosh, xalqaro analoglardan taxminan 20−25 foiz arzon bo‘lishi kutilayapti. Shuningdek mahsulotlarni xalqaro bozorda sotishni ham rejalashtirganmiz”, — dedi Beta Drugs tijorat direktori Raxul Batra.
Beta Drugs — yuqori qo‘shilgan qiymatli saraton o‘smalariga qarshi preparatlar ishlab chiqaruvchisi. Kompaniya faol substansiyalar, parenteral preparatlar, tabletka, kapsula va suyuqliklar ishlab chiqarish bo‘yicha to‘rtta zavodga ega.
Izoh (0)