Tojikiston yoki Rossiya harbiy samolyoti afgʻon-tojik chegarasi yaqinidagi Tohar viloyatining Dargad tumaniga zarba berdi. Bu haqda viloyat politsiyasi matbuot kotibi Xalil Asir maʼlum qildi, deya xabar beradi “RBK”.
Matbuot kotibiga koʻra, hodisa 26-avgust, yakshanba kuni, “Tolibon” jangarilari bilan toʻqnashuvda ikki chegarachi halok boʻlganidan soʻng roʻy bergan.
Toliblarga qaratilgan aviazarba natijasida 8 jangari oʻldirilgan, yana 6 kishi yaralangan.
Marralari bombardimon qilinganini “Tolibon” vakillari ham tasdiqladi. Rossiya mudofaa vazirligi bu operatsiyaga aloqasi yoʻqligini maʼlum qildi, Tojikiston rasmiylari esa hozircha munosabat bildirgani yoʻq.
Izoh (0)