7-avgust kuni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida “ArMI—2018” Xalqaro armiya o‘yinlarida ishtirokini yakunlab O‘zbekistonga qaytgan Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilaridan iborat to‘rtta jamoani kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
28 yo‘nalishda o‘tkazilayotgan Xalqaro armiya o‘yinlarining 12 tasida ishtirok etayotgan o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar “Yo‘l patruli”, “Harbiy ralli” va “Qurolsoz usta” turlari bo‘yicha musobaqani muvaffaqiyatli yakunladi. Har uchalasida ham vatandoshlarimiz faxrli 3-o‘rinni egalladi.
To‘rtinchi jamoa – harbiy kinologlar o‘rtasidagi “Sodiq do‘st” tanlovida ishtirok etgan harbiy xizmatchilar va xizmat itlariga ozgina omad yetmadi. Tanlov yakuniga kelib, ularning reyting baholari sezilarli darajada pasayib ketgan bo‘lsa-da, “Gita” laqabli Belgiya ovcharkasi nafaqat 300 metrli to‘siqlar yo‘lagidan o‘tishda 1 daqiqa-yu 15 soniya natija bilan rekord o‘rnatdi, balki “Himoya xizmati” shartidagi ehtimoliy dushmanni ushlash vaqtida uni sakrab bo‘ynidan yiqitganida uncha-muncha xizmat itlarining jismoniy qobiliyatini ko‘rgan hakamlar diqqatiga sazovor bo‘ldi va tanlov qahramoniga aylandi.
Ta’kidlash joizki, Moskva viloyatining Naginsk shahrida o‘tkazilgan “Yo‘l patruli” musobaqalarida O‘zbekiston Mudofaa vazirligi Harbiy avtomobil nazorati inspeksiyasi xodimlari ham jonbozlik ko‘rsatishdi. Ular ikki yildan beri faxrli 3-o‘rinni qo‘ldan boy berishmayapti.
“Ushbu nufuzli bellashuvda harbiy xizmatchilarimizning tajribalari tobora ortib bormoqda. Vakillarimizning ishtiroki boshqa mamlakatlar harbiy xizmatchilari diqqat markazida bo‘ldi”, – deydi “Yo‘l patruli” tanlovida ishtirok etgan jamoa sardori kapitan Dilshod Toshpo‘latov.
Xalqaro armiya o‘yinlari doirasidagi “Harbiy ralli” tanlovida o‘zbekistonlik avto ustalari “Yakka tartibdagi poyga”, “Ta’qib bilan poyga”, “Otish tayyorgarligi” va “Guruh yordamida poyga” kabi 4 ta tur bo‘yicha bahslashdi. Mazkur musobaqada jonbozlik ko‘rsatgan o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar yakuniy natijalarga ko‘ra 3-o‘ringa munosib deb topildi. 1-o‘rinni rossiyaliklar qo‘ldan bermagan bo‘lsa, 2-o‘rin xitoylik harbiylarga nasib etdi.
“Qurolsoz usta” tanlovida ham O‘zbekiston harbiy xizmatchilari qo‘yilgan vazifani (“Grad” reaktiv tizimidagi jangovar mashina ehtiyot qismlarini o‘rnatish, mashina g‘ildiragini almashtirish hamda undan o‘t ochish) bajarishda katta natijalarga erishdi. Ular olti mamlakat jamoasi ishtirokida besh bosqichda o‘tkazilgan tanlovda 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.