Bugun, 29-iyul sanasida futbol bo‘yicha O‘zbekiston Pepsi Superligasining 19-tur uchrashuvlari yakuniga yetdi. Kun taqvimidan odatga ko‘ra 3 uchrashuv o‘rin olgandi.
19-tur doirasida Qo‘qonda “Qo‘qon-1912” Jizzaxning “So‘g‘diyona” jamoasini qabul qildi. O‘yinda hisob ikkinchi bo‘limning 54-daqiqasida mezbonlar a’zosi Quvondiq Ro‘ziyev tomonidan ochildi. 76-daqiqada Sanjar Rashidov hisobni tenglashtirishga erishdi. Oradan 6 daqiqa o‘tib, bosh hakam “So‘g‘diyona” darvozasiga penalti belgiladi. Uni esa Murod Xolmuhammedov golga aylantirdi va jamoasiga navbatdagi 3 ochkoni taqdim etdi. Ma’lumot uchun Murod ushbu mavsumda penaltidan 8 ta gol urishga erishdi va jamoasining to‘purari bo‘lib turibdi.
Yana bir bellashuv esa Navoiyda bo‘lib o‘tdi. Unda “Qizilqum” “Buxoro” jamoasiga qarshi kurash olib bordi. Uchrashuvdagi yagona gol 77-daqiqada “Buxoro” futbolchisi Arslonmurod Omonov tomonidan kiritildi. Shu tariqa “Buxoro” 3 ochkoga ega bo‘ldi.
Turning markaziy o‘yinlaridan biri esa Toshkentda bo‘lib o‘tdi. “Lokomotiv” “Bunyodkor”ni o‘z maydonida qabul qildi. Uchrashuvda hisob “qaldirg‘ochlar” tomonidan 33-daqiqada ochildi. Gol muallifi Xurshid G‘iyosov. Birinchi bo‘limning so‘nggi daqiqalarida Sardor Mirzayev gol urib, hisobni 1:1 bo‘lishini ta’minladi.
Ikkinchi bo‘limning 70-daqiqasida O‘zbekiston chempionatiga qaytgan Anzur Ismoilov gol urib, “Loko”ni hisobda oldinga olib chiqdi. 90+1-daqiqada esa Sardor Rashidov “Bunyodkor” darvozasini ishg‘ol etib, o‘yinga yakuniy nuqtani qo‘ydi.
Pepsi Superliga
19-tur bellashuvlari
29-iyul, yakshanba
Izoh (0)