Kecha, 15-iyul kuni Jahon chempioni, Rio-2016 Olimpiadasi finalchisi Shahram G‘iyosov o‘zining prof boksdagi 3-jangida meksikalik Daniel Echeverriyaga qarshi ringga chiqdi.
Jang 1-raundning o‘zidayoq yakuniga yetdi. Shahramning kuchli zarbasidan Daniel nokautga uchradi va jangni davom ettira olmadi. Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati esa bokschidan jangdan so‘ng qisqa intervyu oldi.
“Fursatdan foydalanib, meni qo‘llab-quvvatlab turgan barchaga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Jang haqida gapiradigan bo‘lsam, u uzoq davom etmagan bo‘lsa-da menga ma’qul keldi. Aytib o‘tganimdek, jangga qattiq tayyorlangandim. Murabbiy bilan birga o‘ylagan rejalarimiz amalga oshdi. Raqibning kuchsiz tomonlarini bilardik va aynan shu tomonlama ustunlikka erishdik. Bundan buyog‘iga mashg‘ulotlarni davom ettiramiz va tomoshabop janglar ko‘rsatishda davom etamiz”, – dedi Shahram.
Ma’lumot uchun o‘zbekistonlik bokschi bungacha prof ringda 2 ta jang o‘tkazib, ularning har ikkisida g‘alaba qozongandi (1 tasi nokaut bilan). Meksikalik bokschi esa 24 ta jang o‘tkazib, ularning 19 tasida g‘alaba qozongan (17 tasi nokaut). 5 ta jangda mag‘lubiyatga uchragandi (2 tasi nokaut).
Shu tariqa G‘iyosov prof boksdagi o‘zining 3 g‘alabasiga erishdi.
Izoh (0)